To‘lov shakli va shartlari bilan yaxshilab tanishmasdan turib shartnoma imzolamang

To‘lov shakli va shartlari bilan yaxshilab tanishmasdan turib shartnoma imzolamang

Keyingi vaqtlarda o‘zlarini qandaydir savdo tashkilotining vakili sifatida tanishtirib, turli tashkilot va idoralarda, ayniqsa ta’lim tashkilotlarida ularda mehnat faoliyati olib borayotgan xodimlarga onlayn savdo platformalarini targ‘ibotini olib borgan holda, ularning nomiga turli xildagi maishiy hamda uy-ro‘zg‘or buyumlarini shartnoma shartlari, to‘lov grafiklari bilan to‘liq tanishtirmasdan, tovar haqida, shuningdek shikoyatlar bo‘lganda ularni berish tartiblari haqida yetarli darajada tushuntirishlar bermasdan, bo‘lib to‘lash shartlarida rasmiylashtirib yuborish holatlari ko‘p uchramoqda. Uchko‘prik tumanida kuzatilgan holat ham shunday holatlardan biridir.

O‘zlarini Andijon viloyatida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlik sub’ekti vakillari deb tanishtirgan shaxslar tomonidan tumandagi ta’lim muassasalaridan birida ishlovchi va ular reklama qilgan tovarlardan xarid qilish istagini bildirgan xodimlarning bir nechasini 2 ta guruhga jamlanib, birinchi guruhdagilarning jami qiymati 11 200 000 so‘mlik tovarlarini H.O. nomiga, ikkinchi guruhdagilarning jami qiymati 8 859 471 so‘mlik tovarlarini esa N.A. nomiga rasmiylashtirilgan va maishiy texnika va uy-ro‘zg‘or buyumlarini shartnoma qiymati 2 yil davomida bo‘lib to‘lanishi, har oylik to‘lov summasi esa 144 500 so‘mdan bo‘lishiga kelishilib, onlayn savdo platformasiga kiritilgan. Lekin oradan muayyan vaqt o‘tib, birinchi to‘lov amalga oshirish kunida oylik to‘lov summasi 144 500 so‘mdan emas, 193 000 so‘mdan qilib belgilanganligi ma’lum bo‘lgan.

Yuqoridagi usul bilan tovarlardan xarid qilgan H.O. va X.X.larning yuqoridagi holat yuzasidan tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatlarini o‘rganilishi jarayonida savdo tashkiloti mas’ul xodimi U.A. va sotuvchisi H.S.lar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. O‘rganish ishlari davomida oylik to‘lov usuli qat’iy belgilangan summa shaklida emas, balki o‘zgarib boradigan summa shaklida rasmiylashtirib yuborilganligi, lekin bu haqda iste’molchilarni ogohlantirilmaganligi ma’lum bo‘lib, tomonlarning kelishuvi asosida ista’molchi H.O. va N.A.larning har biriga 450 000 so‘mdan jami 900 000 so‘m farq summasini qaytarilishiga erishildi.

Sardor Mirzajonov,
jamiyat raisi.

Post Comment