Xarid qilingan mobil qurilma IMEI ro‘yxatidan o‘tmagan ekan
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 «Ishonch telefoni»ga murojaat qilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A. A. xarid qilingan mobil qurilmasini IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tmaganligi holatda chiqqanligini bildirib, masalani ijobiy yechim topishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, u «Samsung» Galaxy A-82 markali mobil telefon apparatini Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida faoliyat olib boryotgan tadbirkordan 2 mln 200 ming so‘mga pochta orqali xarid qilib olgan. Buyurtmani qabul qilib olgach, mobil qurilma IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tmaganligini aniqlagan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 17.09.2019 yildagi 778-son qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlangan. Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’iy nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘ladilar.
Murojaat hududiy tegishliligi bo‘yicha Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik, shuningdek Hukumatning yuqoridagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari tushuntirildi va u tomonidan mobil qurilmani IMEI kodi tez muddatlarda ro‘yxatdan o‘tkazdirib berilishiga erishildi.
Shohistaxon Raximova
Toshloq tuman jamiyati mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Post Comment