Soliq qarzdorligining to‘lovlarni noto‘g‘ri o‘tkazilishi natijasida kelib chiqqan qismi bartaraf qilindi
Uchko‘prik tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Bekmurod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi S.R.ning yer va mol-mulk soliqlarini to‘lab kelayotgan bo‘lsada, tuman soliq idorasidan 1 600 000 so‘m miqdorida qarzdorligi mavjudligi yuzasidan to‘lov xabarnomasi olganligi, ushbu holatga aniqlik kiritilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganish ishlariga tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan taqdim qilingan ma’lumot, tuman pochta aloqa bog‘lamasi tomonidan berilgan javob xati hamda iste’molchining qo‘lida mavjud bo‘lgan to‘lov qog‘ozlaridan ma’lum bo‘lishicha, iste’molchining otasi R.R.ning nomida bo‘lgan xonadonning yer va mol-mulk soliqlari uchun 2023 yilning 12 sentabrida to‘langan 266 000 so‘m to‘lov pochta xodimi Sh.A. tomonidan komp’yuter dasturiga kiritilishida jismoniy shaxs shaxsiy identifikasion raqami (JShShIR)ni noto‘g‘ri kiritilishi oqibatida boshqa shaxs hisob raqamiga tushganligi aniqlanib, ushbu mablag‘ iste’molchi hisob raqamiga qaytarildi. Shuningdek o‘tgan davrda umumiy summasi 194 000 so‘mlik yana bir to‘lov STIR (INN)ni noto‘g‘ri ko‘rsatilishi oqibatida Qo‘qonboy qishlog‘ida yashovchi J.Z.ning hisob raqamiga tushganligi ma’lum bo‘lib, o‘rganish davomida ushbu fuqaro tomonidan 194 000 so‘m to‘lovlar S.R.ning hisob raqamiga qaytarildi. Shuning bilan birgalikda, murojaat egasining turmush o‘rtog‘i Z.R. tomonidan ish joyidan o‘tkazilgan 219 000 so‘m to‘lovga aniqlik kiritilib, xonadonning soliq qarzdorligi uchun yo‘naltirilishi uchun soliq idorasiga kiritildi.
Olib borilgan o‘rganish ishlari yakunlari bilan iste’molchi yashab turgan xonadonning soliq qarzdorliklaridan bo‘lgan 1 600 000 so‘m qarzdorlikdan 679 000 so‘m qismiga aniqlik kiritilib, iste’molchi foydasiga hal etildi. Iste’molchiga qarzdorlikning qolgan, to‘langanligi hujjatlar bilan tasdiqlanmagan qismini bartaraf qilish qilish choralarini ko‘rishi lozimligi tushuntirildi.
Sardorbek Mirzajonov,
tuman jamiyati raisi.
Post Comment