Iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirildi

Iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirildi

Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «To‘raobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi O.O‘.ning shu yil avgust oyida tuman markazidagi savdo do‘konlarining biridan 1 300 000 so‘mga xarid qilingan telefonning nuqsonli chiqqanligi va uni maqbul sifatdagisiga almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Tecno Spark rusumidagi telefon apparati xarid qilinganidan bir necha kun o‘tib ekran sensorida muammolar kuzatilgan. Sotuvchiga qaytarib olib kelinganida esa u yer bu yerini ko‘rikdan o‘tkazilib, sozlandi deb iste’molchiga qaytarib berilgan. Lekin bu bilan texnik nosozlik baribir hal bo‘lmagan. Sotuvchi huzuriga yana qaytib kelgan iste’molchi bu safar uni boshqasiga almashtirish yoki pulini qaytarish talabini qo‘ygan. Sotuvchi esa telefonni qaytarib olishini, lekin qachonki telefon boshqa odamga sotilsagina uni o‘rniga boshqasini berishini yoki pulni qaytarishini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng iste’molchi ushbu masalada amaliy yordam so‘rab tuman jamiyatiga murojaat qilgan.

Murojaat tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchi bilan uchrashilib, unga amaldagi qonunchilik talablari, shuningdek qonun talablarini bajarmaslik natijasida kelib chiquvchi oqibatlar tushuntirildi. O‘rganish ishlari davomida, tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, nuqsonli telefon apparati maqbul sifatda bo‘lgan boshqa rusumdagi telefon apparatiga almashtirib berildi.

Xusniddin Latipov,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Post Comment