Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasida ochiq muloqot tadbiri o‘tkazildi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasida ochiq muloqot tadbiri o‘tkazildi

Hududiy birlashma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi va Farg‘ona viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan media tadbirlar rejasi asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” mazmun-mohiyati va joylarda ijrosi yuzasidan” ochiq muloqot tashkillandi. Unda boshqarma xodimlari, hududiy birlashma mutaxassislari, NNTlar vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni, xususan qonuning 9-moddasi ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2003 yilning 13 fevralida 75-sonli qaror bilan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” tasdiqlanganligi va mazkur qarorning yurtimiz aholisi (iste’molchilari) uchun ahamiyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlandiki, qaror bilan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” hamda “O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalari” tasdiqlangan bo‘lib, shundan bugungi ochiq muloqot mavzusi bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” 19 ta bo‘lim va 2 ta ilovadan iboratdir.

Qoidalarning 19 bo‘limida oziq-ovqat va nooziq ovqat mahsulotlari ularning turlari bo‘yicha ajratilib, ular bilan savdo qilishning o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan bo‘lsa, qoidalarga 2 ta ilova, ya’ni “Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati” (1-ilova) va “Xaridorning ta’mirlash davrida unga tekin berib turish yoki xuddi shunday marka (model’, artikul)dagi tovarni almashtirish to‘g‘risidagi talabi tatbiq etilmaydigan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar ro‘yxati” (2-ilova) ham keltirib o‘tilgan bo‘lib, ularning amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini ta’minlash jarayonida tutgan o‘rni va ahamiyati katta hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi hududida chakana savdoni tartibga soladi.

Qoidalar bilan yaqindan tanishar ekanmiz, biz sotuvchilarga, savdo ob’ektlariga va tovarlarga qo‘yiladigan asosiy talablardan tortib, oziq-ovqat, alkogol va tamaki, meva va sabzavotlar, qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan buyumlar, avtotransport vositalari, to‘qimachilik, trikotaj, texnik jixatdan murakkab buyumlar, attorlik-pardoz buyumlari va qo‘yingki kundalik turmush jarayonida biz uchun asqotadigan barcha tovarlar bilan chakana savdoni amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari bilan yaqindan tanishib, o‘zimiz uchun kerakli bilim va ko‘nikmalarni olishimiz mumkin.

Shuningdek, Qoidalarning alohida bo‘limida savdo qoidalarining buzilishi turlari ham nomma-nom ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ularni buzish tegishli qonunlar asosida javobgarlikni keltirib chiqarishi ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun:

O‘tgan 2024 yil mobaynida Federatsiyaning viloyatdagi idoralariga jami bo‘lib 898 ta murojaatlar kelib tushib, ularni tegishli tartibda o‘rganib chiqilishi natijalariga ko‘ra, 1 mlrd 783 mln 521 ming 122 so‘m mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan bo‘lib, shundan 241 mln 139 ming 146 so‘mi sud idoralariga kiritilgan da’vo arizalari bo‘yicha iste’molchilar foydasiga undirilgan moddiy va ma’naviy zararlardir. 
Murojaatlarning 35,3 foizi aynan savdo masalalarida kelib tushgan.
Savdo sohasiga oid murojaatlarning eng ko‘p qismi, ya’ni 28,7 foizi xarid qilingan maishiy texnika vositalarida nuqsonlar aniqlanishi holatlari yuzasidan bo‘lgan.

Post Comment