Tovarga kafolat muddati ichida bildirilgan e’tiroz bartaraf qilindi
Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Bog‘ibo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi G‘.O.ning 3 500 000 so‘mga xarid qilingan noutbukdan foydalanishda muammolarga duch kelayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida, tumandagi «Texnomart» MChJga qarashli savdo do‘konidan bo‘lib to‘lash shartlarida shartnoma qiymati 4 070 000 so‘m bo‘lgan Lenovo rusumli noutbukni chegirma evaziga naqd pulga sotib olganligini, lekin undan foydalanishi davomida bir marta WiFi ga ulanmaslik, ikkinchi marta quvvatlantirish tizimi ishlamasligi sabablari bilan sotuvchiga qaytarib olib kelgani va noutbuk sotuvchi sa’y-harakatlari bilan servis markazida texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, nuqson bartaraf etib berilgani, lekin so‘nggi kunlarda yana internetga ulanmayotganligini bayon qilib, masalani hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozim va kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashi (qo‘llanilishi, ulardan foydalanilishi) ta’minlanishi shart. Kafolat muddatida topilgan nuqsonlar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qonunda belgilangan muddatlarda bepul bartaraf etilishi lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, tuman jamiyati tomonidan sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablarini o‘zida aks ettirgan so‘rov xati kiritilib, o‘rganish ishlari davomida iste’molchi tomonidan bildirilgan e’tiroz bartaraf etilishiga va noutbukni soz holatda iste’molchiga topshirilishiga erishildi. Iste’molchiga noutbukni topshirish jarayonida, mutaxassis tomonidan, undan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha maslahat va tushuntirishlar berib o‘tildi.
Sardorbek Mirzajonov,
tuman jamiyati raisi.
Post Comment