Tashqi reklamada lingvistik va madaniy mezonlarga amal qilinmog‘i zarur
Zamonaviy shahar qiyofasini tashqi reklamalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. U nafaqat tadbirkorlikning “yuzi”, balki jamiyatning madaniy va lingvistik darajasini ko‘rsatuvchi ko‘zgudir. Farg‘ona viloyati o‘zining iqtisodiy salohiyati va tarixiy nufuzi bilan bu borada muhim hududlardan biri sanaladi. Biroq, ko‘chalarimizdagi bannerlar va peshlavhalar amaldagi qonun talablariga mos kelmaydigan ba’zi bir holatlarga hali ham duch kelmoqdamiz.
Oʻzbekistonda reklama faoliyatining huquqiy asoslari soʻnggi yillarda tubdan yangilandi. Ushbu oʻzgarishlarning markazida 2022-yil 7-iyunda qabul qilingan va 2022-yil 9-sentabrdan kuchga kirgan OʻRQ-776-sonli “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun turadi. Mazkur qonun avvalgi tahrirdan oʻzining qatʼiyligi va zamonaviy bozor munosabatlarini toʻliq qamrab olganligi bilan ajralib turadi. Qonunning 1-moddasiga binoan, asosiy maqsad reklama tayyorlash va tarqatish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va tadbirkorlik madaniyatini oshirishdan iboratdir.
Vakolatli idoralar tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar jarayonlarida koʻchalarimizda «Original parfumeriya», «Lux servis» yoki «Yevro remont» kabi aralash soʻzlardan iborat reklamalar qayd qilingan, bu esa tilimizning sofligiga putur yetqizadi. Ayniqsa, «Goʻshtlik taomlar» yoki «Milliy va Yevropa taomlari» kabi mantiqiy va imlo xatolariga boy reklamalar til me’yorlariga mos emas. Buning sababi shundaki, oʻzbek tilida sifat yasovchi «-lik» qoʻshimchasi koʻpincha narsaning tarkibini yoki xususiyatini bildiradi, lekin taomlar haqida gap ketganda «goʻshtli taomlar» (goʻshti bor) deb aytish toʻgʻriroq boʻladi. Bu kabi holatlar nafaqat tilshunoslarning, balki vakolatli idoralarning ham diqqat markazida boʻlishi lozim. Chunki asossiz ishlatilgan «Super», «Original», «Birinchi raqamli» kabi sifatlar isteʼmolchida soxta kutilma uygʻotadi. Reklama nafaqat sotuvni oshirishi, balki isteʼmolchiga toʻgʻri tanlov qilishda yordam berishi kerak.
«Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonunning 6-moddasiga koʻra, ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) oʻzi realizasiya qilayotgan tovari (ish, xizmat) haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot berishi shart. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga isteʼmolchilar tomonidan tushayotgan murojaatlarda tashqi reklama orqali vaʼda qilingan chegirmalar va aksiyalarning haqiqatga mos kelmasligi bilan bogʻliq masalalarni ko‘tarilishi sohada hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina ekanligini ko‘rsatadi. Masalan, doʻkon peshtogʻida «70% gacha chegirma» deb yozilgan boʻlsa-da, amalda faqat bir nechta turdagi past sifatli tovarlarga chegirma berilishi insofsiz reklama sifatida baholanadi. Bundan tashqari, deyarli ko‘plab so‘zlarda takrorlanuvchi “o‘”, “g‘”, “sh”, “ch” harflarining noto‘g‘ri yozilishi yoki oddiy grammatik xatolar reklama sifatiga putur yetkazmoqda. “Open”, “Sale”, “Welcome”, “Skitka” kabi so‘zlar davlat tilidagi tarjimasisiz yoki undan kattaroq hajmda qo‘llanilishi qonun buzilishi hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, tashqi reklama vositalari nafaqat iqtisodiy faoliyatni aks ettiruvchi omil, balki jamiyatning til va madaniyat darajasini ko‘rsatuvchi muhim vositadir. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ayrim reklama namunalari amaldagi qonunchilik talablariga to‘liq javob bermaydi, xususan, til me’yorlarining buzilishi, noto‘g‘ri tarjimalar va isteʼmolchini chalg‘ituvchi axborotlar uchramoqda. Bu esa reklama sohasida nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda davlat tiliga hurmatni mustahkamlash zarurligini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan, kelgusida tashqi reklama vositalarini tartibga solishda nafaqat iqtisodiy, balki lingvistik va madaniy mezonlarga ham alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Odinaxon Xolmurodova,
FarDU Filologiya fakulteti 23.90-guruhi talabasi,
O‘IHHQJ Federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi amaliyotchisi.



Отправить комментарий