Matbuot anjumani va Press-tur tashkillandi
«Hududgaz Farg`ona» gaz ta’minoti filialida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 sentyabrdagi «Tabiiy gaz nazorati va hisobining avomatlashtirilgan tizimini joriy etish» loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4840-sonli qarori ijrosi yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Matbuot anjumani va Press-tur o‘tkazildi.
Dastlab filial direktori U.Kochkarovning OAV vakillari bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlandiki:
Viloyatimizda Tabiiy gaz nazoratining avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi (ASKUG) keng joriy qilinmoqda. Rejaga ko‘ra, viloyatdagi 299079 ta xonadonga zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunalarini o‘rnatiladi. Shularning 101731 tasi ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni, 197348 tasi esa hovli uylarni tashkil qiladi.
Zamonaviy tipdagi avtomatlashtirilgan gaz hisoblash uskunalarini o‘rnatish ishlari Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlaridan boshlanib, bugungi kunda bu ishlar Farg‘ona shahri, Rishton va Dang‘ara tumanlarida ham olib borilmoqda. Jumladan, shu kunga qadar Farg‘ona shahridagi 84103 ta xonadondan 17941 tasiga yangi gaz hisoblash uskunalari o‘rnatib bo‘lingan.
Joriy yilning shu kuniga qadar viloyat bo‘yicha jami 118 485 ta tabiiy gaz iste’molchilari bo‘lgan xonadonlardagi hisoblagichlar yangisiga almashtirilgan.
Filial direktori tomonidan berilgan axborotlardan so‘ng OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javoblar oldilar.
Press-tur doirasida Oltiariq gaz to‘ldirish shahobchasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Bunda OAV vakillariga filial direktori o‘rinbosari U.Sayfuddinov hamrohlik qildi.
Viloyatimizning Oltiariq, Rishton va Farg‘ona tumanlari aholisiga xizmat ko‘sratuvchi mazkur shahobchada faoliyat Turkiyadan keltirilgan texnika va texnologiya asosida olib borilmoqda ekan. Shahobchaning bir kunlik ish unumdorligi 2 500 dona suyultirilgan gaz ballonini to‘ldirishni tashkil qiladi. Yuqoridagi 3 ta tuman aholisi qo‘lida 100 000 donaga yaqin gaz ballonlari mavjudligi inobatga olinsa, barcha gaz ballonlarini bir martadan suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish aylanmasi 40 kunni tashkil qiladi. Mas’ullarni bizga ma’lum qilishicha, hudud aholisining gaz ballonlari o‘rtacha 45-48 kunda bir marta suyultirilgan uglevodorod gazi bilan to‘ldirib berilmoqda.
Ma’lumki, iste’molchilarda xonadonlarimizga yetkazib berilayotgan gaz ballonlari suyultirilgan gaz bilan shartnomada ko‘rsatilgan miqdorlarda (20 kg) to‘ldirilayaptimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shahobchada foydalanishda bo‘lgan gaz to‘ldirish uskunasining gaz balloni turadigan qismi tarozi vazifasini ham bajarar ekan. Shu sababli uskuna monitorida bir yo‘la idish (tara) vazni va to‘ldirilayotgan gaz hajmi (kg) ko‘rinib turadi. Uskuna ballon 20 kg suyultirilgan gaz bilan to‘lgach, avtomatik ravishda o‘chadi.
Shahobcha xodimlari yana bir uskunada bir vaqtning o‘zida bir necha gaz ballonini ichidagi qoldiqdan bo‘shatish va shundan so‘ng to‘ldirishga o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.
G‘ayrat Mamatqulov tayyorladi
Отправить комментарий