Hududiy birlashma tomonidan onlayn shaklda brifing o`tkazildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi Axborot xizmati rahbari G‘.Mamatqulovning brifingdagi ma’ruzasi:
Assalomu alaykum hurmatli brifing ishtirokchilari!
Bugun sizlar bilan “Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni”da uchrashib turibmiz. Avvalambor barchangizni butun dunyo aholisi uchun ahamiyatli bo‘lgan mana shunday kun bilan qutlashga ijozat bergaysiz.
XIX asr oxirlari va XX asrning 60-yillariga qadar avval Amerika Qo‘shma Shtatlarida, so‘ngra Yevropa davlatlarida «Konsyumerizm», ya’ni «iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish harakatlari» vujudga keldi. Bularga AQShda XIX asrning 60-80 yillarida temir yo‘l kompaniyalari yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari narxlarini keskin oshirib yuborilishidan noroziliklar bo‘yicha harakatlarni, XX asr boshlarida esa oziq-ovqat va dori-darmonlar sifati ustidan nazorat to‘g‘risidagi qonunchilik atrofida tortishuvlar natijasida vujudga kelgan harakatlarni, XX asr o‘rtalaridagi tovarlarining sifati, reklamasining xaqqoniyligi, ishlab chiqarishda ekologik xolat xavfsizligi bo‘yicha dunyoga kelgan harakatlarni va fuqarolik jamiyati institutlarining boshqa bir qator hatti-harakatlarini misol qilib keltirish mumkin.
Ayniqsa, 1961 yilning 15 martida AQSh prezidenti Jon Kennedi tomonidan «Iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risida yo‘llagan maxsus yo‘llanmasi»dan so‘ng iste’molchilar huquqlari va manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni davlatlar darajasida tan olinishi va bu boradagi alohida qonunlar qabul qilinishiga zamin yaratib berdi. Keyinchalik, masalaning muhimligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ham e’tirof etilib, aynan 15 martni «Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni» deb e’tirof etildi.
Mamlakatimizda ham mustaqillikning ilk yillarida, ya’ni 1996 yilning 26 aprelida bu borada alohida qonun qabul qilindi. Qonunning 4-moddasi bilan mamlakatimiz iste’molchilariga belgilab berilgan asosiy huquqlardan biri, ya’ni iste’molchilarning jamoat birlashmalarini tuzish huquqidan foydalangan holda tashabbuskor fuqarolar guruhlari tomonidan avval iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari, 2002 yilga kelib esa ularning negizida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vujudga keldi. Bugungi kunda respublikamizning barcha tuman va shaharlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularnig faoliyati esa viloyatlarda hududiy birlashmalar tomonidan muvofiqlashtirilib borilmoqda.
Shu o‘rinda Farg‘ona viloyat hududiy birlashmamiz va uning quyi tuzilmalari hisoblangan tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi ayrim rejalar xususida sizlar bilan o‘rtoqlashsam.
O‘tgan yil boshida mahalla fuqarolar yig‘inlarida, ta’lim muassasalarida, korxona, tashkilot va muassasalarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining «Tayanch guruh»larini tashkil etish choralarini ko‘rish maqsadida hududiy birlashma tomonidan “Targ‘ibot oyligini o‘tkazish to‘g‘risida” hamda “Tayanch guruhlari bilan ishlash oyligini o‘tkazish to‘g‘risida”gi alohida buyruqlari ishlab chiqildi.
Buning natijasida tizim tashkilotlari tomonidan yil davomida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi amaldagi qonun va qonunosti me’yoriy hujjatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida viloyatdagi Federatsiyaning tayanch guruhlari tashkillangan va tashkillanmagan 830 ga yaqin korxona, tashkilot, idora va muassasalarda davra suhbatlari, o‘quv seminarlari tarzidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkillandi.
O‘tkazilgan tadbirlar to‘g‘risida markaziy va mahalliy gazetalar, radio va televidenielar, shuningdek federatsiya va hududiy birlashmaning rasmiy saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar va kanallar orqali axborot materiallari berib borildi.
Bu borada hududimizdagi Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi, “Ruxsor” teleradiokompaniyasi, “Toxir Bag‘dod” va “Muloqot” televidenielari bilan yaqindan hamkorlik olib borilmoqda. Farg‘ona radiosi bilan esa “Farg`ona FM javob beradi” va “Istemolchi huquqi” loyihalari doirasidagi hamkorlik davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining www.istemol.uz veb-saytiga kiritish uchun turli mavzulardagi materiallar taqdim qilib borildi. Shuning bilan birgalikda, hududiy birlashmaning www.istemolchi-info.uz veb-saytiga hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar, iste’molchilar murojaatlarini hal etilishi natijalari bo‘yicha axborot materiallari qo‘yib borildi.
Hududiy birlashmaning telegramdagi istemolchiinfouz rasmiy kanali, Facebook dagi Fargona istemolchi-info va Instagram dagi istemolchi-info rasmiy sahifalariga muntazam ravishda faoliyatga oid yangiliklar qo‘yib borildi.
Youtube dagi istemolchi-info kanaliga tashkil etilgan vaqtidan boshlab shu kunga qadar 170 ga yaqin videomateriallar joylashtirildi.
O‘tgan yili mart oyida “Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni”ga bag‘ishlab Federatsiya tizimida mehnat faoliyati olib borayotgan xodimlar hamda Federatsiya faollari o‘rtasida “Breyn-ring” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Shuningdek, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha maxsus vakolatli organ hisoblanuvchi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda sport musobaqalarini ham tashkilladik.
Aprel oyida hududiy birlashma tashabbusi bilan amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan Nodavlat notijorat tashkilotlari uyida alohida tadbir o‘tkazilib, unda sohaga oid ishlarni keng yoritishda faollik ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari vakillaridan bir nechasi taqdirlandi.
Iyun-iyul oylarida O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni asosida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, so‘ngra “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiallari mas’ullari ishtirokida jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazdik.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan, faoliyatida erishayotgan yutuqlarini inobatga olgan holda hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlari tizimida mehnat faoliyati olib borayotgan 8 nafar xodimlar mustaqillik bayrami arafasida “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlandilar.
Federatsiya Kengashi tomonidan berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida, sentyabr oyi davomida tuman (shahar) jamiyatlari faollarining umumiy yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda viloyat hududiy birlashmasining navbatdagi hisobot konferensiyasiga vakillar saylandi.
Oktyabr oyining ikkinchi kunligida hududiy birlashmaning navbatdagi hisobot konferensiyasi o‘tkazildi hamda unda tizim faoliyatiga taalluqli bo‘lgan hamda Konferensiya vakolatiga kiruvchi bir qator masalalar ko‘rib chiqildi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi.
Noyabr’ oyining 12-sanasida Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining navbatdagi hisobot konferensiyasi doirasida Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi va tuman (shahar) jamiyatlarida uzoq vaqtlardan buyon samarali mehnat faoliyati olib borayotgan 58 nafar xodimlar Federatsiyaning “Faxriy yorliq” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, viloyatimiz vakillari o‘tgan yilning noyabr oyida Federatsiya tashabbusi bilan Xalqaro iste’molchilar tashkiloti, Xalqaro iste’molchilar jamiyatlari konfederatsiyasi, “Yuksalish” umumilliy harakati hamkorligida Xorazm viloyatining Xiva va Urganch shaharlarida turizm sohasida iste’molchilar huquqlarni himoya qilish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan “Sayyoh-2021” xalqaro forumida ham faol ishtirok etdilar.
O‘tgan yilning noyabr-dekabr hamda joriy yilning yanvar oylarida Farg‘ona viloyat sudi bilan hamkorlikda bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlar doirasida asosiy e’tibor xodimlarning iste’molchilar huquqlarini sudgacha va sud jarayonlarida himoya qilish masalalaridagi bilim va malakalarini oshirishga qaratildi.
Bundan tashqari, yil davomida xodimlarning kasbiy bilim va malakasini oshirib borish maqsadida huquqiy himoya, monitoring, matbuot va axborot yo‘nalishlari bo‘yicha mehnat foaliyati olib borayotgan xodimlarga soha bo‘yicha yetuk mutaxassislarni taklif qilgan holda o‘quv mashg‘ulotlari va master klasslar o‘tkazib borildi va bu ishlar joriy yilda ham davom ettirilmoqda. O‘z o‘rnida mazkur ishlarda yaqindan hamkorlik olib borayotgan adliya, soliq, monopoliyaga qarshi kurashish, markaziy bank, axborot va ommaviy kommunikasiyalar boshqarmalari, Federatsiya muassisligidagi “Iste’mol madaniyati” gazetasi, Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi, “Farg‘ona haqiqati” gazetasi, nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assosiasiyasi viloyat bo‘limi, Elerjon Eksanov, Botir Omon, Iqboljon Abdujabborov, Timur Yuldashev, Birodar Mirzaev va boshqa shu kabi o‘z kasbining ustalariga minnatdorchilik izxor qilamiz.
Iste’molchilar bilan doimiy aloqani ta’minlash, ularning murojaatlarini qabul qilib olish va huquqiy maslahatlar berish maqsadida Federatsiyaning istemol.uz rasmiy saytidagi vertual qabulxona, respublika bo‘yicha yagona 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni, telegram messenjeridagi PotrebitelUz_bot telegram botlari. hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlarida xizmat telefonlari ishlab turibdi.
Birgina o‘tgan yil mobaynida hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlari ijro etuvchi apparatlariga tegishliligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezidentga murojaat portali”, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ishonch telefoni, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining yagona ishonch telefoni va telegram boti orqali 259 ta, hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlariga fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma, og‘zaki va elektron shakllarda 643 ta, jami 902 ta murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarni o‘rganib chiqilishi natijalariga ko‘ra iste’molchilar foydasiga 901 mln 494 ming so‘mdan ortiq mablag‘lar qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.
Tizimda tashkil qilingan “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari tomonidan 345 nafar iste’molchilarga kommunal xo‘jalik, savdo, sog‘liqni saqlash, elektr, gaz va suv ta’minoti, aloqa, transport va boshqa masalalar bepul huquqiy maslahatlar berildi.
Har oyning ikkinchi o‘n kunligida o‘tkazib boriladigan tizim rahbarlarining aholi bilan muloqot kunlari doirasida 630 nafar aholi vakillariga uy-joy kommunal, savdo, sog‘likni saqlash, aloqa xizmatlari, transport, servis xizmati ko‘rsatish, ta’lim sohasi va boshqa sohalar bo‘yicha bildirilgan muammo, kamchilik yoki takliflari bo‘yicha huquqiy maslahatlar va amaliy yordamlar ko‘rsatilib, shulardan 185 tasi tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlariga yuborildi.
Federatsiya topshiriqlari asosida ichki bozorda sotilayotgan iste’mol tovarlarining zarur sifatini va xavfsizligini, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining boshqa talablarini ta’minlanishini o‘rganish bo‘yicha 14 ta monitoring kuzatuvlari o‘tkazilib, ular bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotlar Federatsiya markaziy apparatiga taqdim qilindi.
Barchangizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-sonli Farmoni bilan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” tasdiqlandi. Joriy yilda biz Federatsiya Ustavi bilan belgilab berilgan vazifalar, shuningdek joriy yil uchun ishlab chiqilgan asosiy faoliyat yo‘nalishlari rejalari ijrosini ta’minlash barobarida, Taraqqiyot strategiyasining tegishli maqsadlari ijrosini ta’minlashda davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari bilan O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni talablaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy sheriklik va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yyapmiz. Jumladan, shu kunga qadar viloyat hokimligining turizm va sport masalalari kompleksi bilan, sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi boshqarmalari bilan Taraqqiyot strategiyasining tegishli maqsadlari bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqib ijroga qaratdik. Hozirda sohaga daxldor boshqa boshqaramalar bilan ham hamkorlikdagi dasturlar ishlab chiqilmoqda.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa aholimizning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik bo‘yicha huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini oshirish, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki darajasini oshirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, aholining muammolarini tizimli o‘rganish va hal etilishida samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, oqibatda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ishlarini son va sifat jihatidan yuqoriroq darajaga ko‘tarishdan iboratdir.
So‘zimning nihoyasida aholimizni, korxona, tashkilot, idora va muassalarda mehnat faoliyati olib borayotgan ishchi xizmatchilarni iste’molchilik sohasiga oid muammolarga duch kelganda, sizning murojaatlaringizni qabul qilib, o‘rganib chiqish, sizlarga huquqiy maslahatlar berish borasida Federatsiya tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga va yurtimizning iste’molchilik ijtimoiy harakatida faol ishtirok etishga chaqirib qolaman.
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
Отправить комментарий