To‘lovni kechiktirilishi bu uni kelajakda to‘lanmaydi degani emas
O‘zbekiston tumani ma’muriy markazi Yaypan shahrida yashovchi N.I. foydalanilayotgan tabiiy gaz ta’minoti uchun to‘lovlarda yuzaga kelayotgan muammodan norozi bo‘lib Federatsiya mutaxassislariga murojaat qilgan.
Iste’molchining ma’lum qilishicha, xonadonning tabiiy gaz iste’moli ko‘rsatkichlari zamonaviy ASKUG elektron gaz hisoblagichi orqali nazorat qilib boriladi. Iste’molchi to‘lovlarni ana shu hisoblagich ko‘rsatkichlari asosida to‘lab borishga intiladi. Lekin joriy yilning fevral oyida 100 ming so‘m oldindan to‘lov amalga oshirgan bo‘lsada, hech qancha vaqt o‘tmay tarmoqdan avtomatik tarzda uzib qo`yilgan va ertasi kuni balansda 27 ming so‘m miqdorda mablag‘ qolganligi to‘g‘risida SMS xabarnoma kelgan. Shundan so‘ng u ushbu holatga aniqlik kiritib berilishida yordam so‘rab O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Ma’lumki, zamonaviy gaz hisoblagichlar iste’molchida oldindan to‘lov bo`lgan taqdirdagina tarmoqdan xonadonga gaz o‘tkazib, oldindan to‘lov summasi tugashi bilan xonadonni tarmoqdan avtomatik tarzda uzadi. Lekin joriy yilning yanvar oyida maamlakatimiz hududida kuzatilgan anomal sovuqlar tufayli aholiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida bunday turdagi gaz hisolagichlar o‘rnatilgan xonadonlarni, hisobida oldindan to‘lov summasi bo‘lishi yoki bo‘lmasligiga qaramasdan, avtomatik tarzda tarmoqdan uzmasdan, tabiiy gaz yetkazib berib turildi. Bu haqda mobil aloqa va internet tarmoqlari orqali aholiga xabarnomalar ham berildi.
Murojaat egasi esa tabiiy gazni bunday shartlarda yetkazib berilayotganligi to‘g‘risidagi xabarlarni o‘z vaqtida kuzatib bormaganligi ortidan, yuqoridagi tushunmovchilik kelib chiqqan. O‘rganish ishlari ham xonadonga hisoblangan iste’mol ko‘rsatkichlarini to‘g‘riligini, oxirgi amalga oshirilgan to‘lovdan yechib olingan summa esa anomal sovuqlar ortidan to‘lovni kechiktirilishidan hosil bo‘lgan summa ekanligi, xonadonga nisbatan asossiz qarzdorliklar hisoblanmaganligini ko‘rsatdi. Tabiiy gaz iste’molchisiga bu haqda tushuntirish ishlari olib borildi.
Shu o‘rinda iste’molchilardan davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining rasmiy kanallari va sahifalari orqali mavjud mobil aloqa va internet tarmoqlari vositasida tarqatilayotgan xabarlarni kuzatib borish, xabarning mazmuni va xabar matnidagi talab, taklif, so‘rov, imtiyoz yoki yengillikning mohiyatiga e’tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.
Isomiddin Abbasov
O‘zbekiston tuman jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий