Majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmaslik yoki kechiktirish iste’molchini chiqimdor bo‘lishiga olib kelgan
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaro H.A.ning plastik kartasiga kelib tushgan pensiya pulidan oldinroq xarid qilingan maishiy tovarning muddatli to‘lovi uchun asossiz ravishda mablag‘ yechib olinganligi to‘g‘risidagi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yo‘llagan va O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushgan murojaati masalaning hududiy tegishliligi bo‘yicha o‘rganildi.
Ushbu masala fuqaro H.A. nomiga iste’mol krediti rasmiylashtirilgan Xalq bankining Quvasoy filiali mas’ullari bilan birgalikda o‘rganilganda, fuqaroga rasmiylashtirilgan kredit shartnomasiga asosan maishiy texnika sotib olish maqsadida 36 oy muddatga, yillik 36 foiz ustama to‘lash sharti bilan 3 320 000 so‘m kredit mablag‘lari ajratilganligi ma’lum bo‘ldi. Iste’molchi shartnoma shartlariga asosan jami bo‘lib 5 544 400 so‘m to‘lashi va kreditni yopishi kerak bo‘lgani holda, undan 6 249 740 so‘m to‘lov olingan. Sababi iste’molchi to‘lovlarni kreditni qaytarish grafigi asosida o‘z vaqtida to‘lab bormaganligi sababli Fuqarolik kodeksining 260 va 261-moddalariga asosan 705 370 so‘m miqdorida jarima (penya)lar ko‘rinishidagi neustoykalar yuzaga kelgan.
O‘rganish ishlari yakunlariga ko‘ra, fuqarodan oxirgi to‘lov summasini olinishida amaldagi qonunchilik talablari buzilmaganligi, to‘langan summa fuqaroning shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini o‘z vaqtida ado etib bormaganligi oqibatida kelib chiqqanligi qayd qilinib, unga bu borada huquqiy tushuntirishlar berildi. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, iste’molchilarga o‘zlari imzo chekib tasdiqlayotgan shartnomalardagi huquqlarini yaxshi anglab olishlari qatorida, yuklatilgan majburiyatlar bo‘yicha bandlariga ham diqqat bilan e’tibor qaratishga chaqirib qolamiz.
Shahlo Kasimova,
O‘IHHQJF Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi mutaxassisi.
Отправить комментарий