Kafolat muddati ichida topilgan nuqson bepul bartaraf etildi
O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Dashtcho‘lpon» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi B.J.ning xarid qilingan sovutgichdan kafolat muddatida foydalanish jarayonida nuqsonlar kuzatilgani va sotuvchi uni bepul ta’mirlab berish ishlarini paysalga solayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, u tumandagi «Aziya New Universal» MChJga qarashli savdo do‘konidan umumiy qiymati 4 921 000 so‘m bo‘lgan Artel ART-HD276FN rusumli sovutgichni narxini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan joriy yilning iyun oyi boshlarida xarid qilgan. Oradan ikki oy o‘tib sovutgichda nuqsonlar kuzatilib, yaxshi sovutmay qo‘yganidan so‘ng sotuvchiga bu boradagi e’tirozlarini bildirgan bo‘lsada, tayinli javob ololmagan va Federatsiyaga bu borada murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida tuman jamiyati tomonidan ishlab chiqaruvchi kompaniyaning servis markaziga murojaat qilindi. Bildirilgan e’tirozlar yuzasidan servis kompaniya mutaxassislari olib borilgan o‘rganishda sovutgichning filtr qismida sizib chiqish holati qayd qilinib, kafolatli ta’mirlash ishlari olib borildi. Olib borilgan ishlar natijasi bilan nuqsonlar to‘liq bartaraf etilib, sovutgich iste’molchiga soz holatda topshirildi.
Isomiddin Abbasov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий