Nuqsonli chiqqan go‘shtmaydalagich yangisiga almashtirildi

Nuqsonli chiqqan go‘shtmaydalagich yangisiga almashtirildi

— Men Farg‘ona shahridagi «Quvonch» kredit savdo do‘konidan 900 000 so‘mga Mega rusumli ko‘p funksiyali go‘sht maydalagich xarid qildim. Uni uyga olib kelib birinchi marta ishlatishim jarayonidayoq go‘sht madalagichning ichki pichoqlari va plastik qismi o‘z-o‘zidan sinib qoldi. Bu borada do‘konga qilgan murojaatim ijobiy yechim topmasdan kelmoqda, — deydi Farg‘ona tumani «Avval» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi iste’molchi D.K. yozma murojaatida.

Murojaat tegishliligi bo‘yicha Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida iste’molchi arizasida keltirilgan vajlar isbotini topdi. Qolaversa, do‘kon mas’ullariga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan o‘tkazilgan tushuntirish ishlari ham o‘z natijasini ko‘rsatdi. O‘rganish ishlari yakuni bilan esa iste’molchi D.K. tomonidan xarid qilinib, keyinchalik nuqson chiqqan go‘shtmaydalagich xuddi shu rusumdagi maqbul sifatdagisiga almashtirib berildi.

— Mening Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatim tez muddatlarda ijobiy hal etib berilib, do‘kon xodimi go‘shtmaydalagichni yangi maqbul sifatdagisiga almashtirib berdi. Shahar jamiyati xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, — deydi D.K. murojaatini o‘rganish yakunlari bo‘yicha shahar jamiyatiga bergan minnatdorchilik xatida.

Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.

Отправить комментарий