Sotuvchi iste’molchini yetarli darajada to‘liq bo‘lgan ma’lumot bilan ta’minlamagani oqibatida sudda yutqazdi
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda «iste’molchining tovar (ish, xizmat) haqidagi noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi», degan norma mavjud bo‘lib, nazarimizda, ushbu norma birinchi navbatda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi)larni aholiga turli tovar (ish, xizmatlar)ni realizasiya qilishda hushyorlikka chorlashi lozimdir. Sababini esa quyida keltirilgan hayotiy misoldan bilib olishingiz mumkin.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudida Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati (da’vogar) tomonidan iste’molchi K.I. (manfaatdor shaxs)ning manfaatini ko‘zlab javobgar (Yevro story Fergana MChJ) tomon bilan shartnomani bekor qilish hamda undan yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi ko‘rib chiqildi. Ishni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, sud da’vogarning manfaatdor shaxs va javobgar o‘rtasida 05.07.20233 yil kunida imzolangan 07320705-sonli shartnomani bekor qilish, javobgardan manfaatdor shaxsga yetkazilgan 3 100 000 moddiy hamda 340 000 so‘m ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi talablarini qondirish bo‘yicha hal qiluv qarori chiqardi. Xo‘sh, aslida iste’molchi manfaatini ko‘zlab sudga da’vo arizasiga kiritilishiga nima sabab bo‘ldi?
Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi K.I. tumandagi savdo do‘konidan 05.07.2023 yil kunidagi shartnomaga asosan, narxi 9 288 000 so‘m bo‘lgan Shivaki XD360 FVN rusumli sovutgichni, narxini 12 oyda bo‘lib to‘lash sharti bilan, oldindan 3 100 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan holda, xarid qiladi. Lekin 2023 yilning sentyabr oylariga kelib sovutgichning muzlatish holati susayib borishi ortidan bu haqda sotuvchi va servis markaziga xabar bergach, iste’molchi xonadoniga tashrif buyurgan servis markazi ustalari unda hech qanday defekt aniqlanmaganligini, sovutgich qo‘llanmasiga ko‘ra u turadigan xona temperaturasi +16 gradusdan +38 gradusgacha bo‘lishi lozimligi bo‘yicha tushuntirish berganlaridan so‘ng ham sovutgichning ishlashida o‘zgarish bo‘lmaganidan so‘ng sotuvchiga ushbu tovarni almashtirish talabini qo‘yadi. Biroq uning ushbu vajlari inobatga olinmaydi.
Amaldagi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, sotuvchi tomonidan realizasiya qilinayotgan tovar haqida iste’molchiga o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berilishi lozim, aks holda qonunning 7-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan iste’molchiga noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi oqibatida kelib chiquvchi holatlar yuzaga keladi. Ishni ko‘rish jarayonida javobgar tomoni tovarni ishlatish bo‘yicha iste’molchiga ma’lumot berilgan deb vaj keltirgan bo‘lsada, bu holatni isbotlay olmadi. Bu esa sudga, maqolaning kirish qismida eslatib o‘tganimizdek, sotib olingan tovarning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas, degan taxminni ilgari surish va uni quvvatlashga asos bo‘la oladi. Natija esa, yuqorida keltirib o‘tganimizdek, da’vogar talabini qanoatlantirilishi bilan yakun topdi.
Shohista Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий