Bozordagi o‘rganishlar natijasi nimalarni ko‘rsatdi?
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini ximoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan shahar Prokuraturasi Talabnomasi ijrosini ta’minlash maqsadida “Dehqon bozori” OAJda o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar natijasida bozorda amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun (keyingi o‘rinlarda “Qonun” deb yuritiladi) talablarining to‘laqonli ijrosi ta’minlanmaganligi holatlari kuzatildi.
Xususan, Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, ijrochi o‘z tashkilotining firma nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibini iste’molchilarga ma’lum qilishi shart va bunday ma’lumot lavhada aks ettirilishi lozim bo‘lsada, bozorning kirish qismida bunday peshlavha o‘rnatilmagan.
Shuningdek, barcha Dehqon bozorlarida bo‘lishi va iste’molchilarga ko‘rinarli joylarda o‘rnatilishi lozim bo‘lgan nazorat tarozilari bu yerda negadir iste’molchilarga ko‘rinarli joylarga qo‘yilmagan. Mas’ullar bozorga tegishli bo‘lgan va sotuvchilar foydalanayotgan tarozilar davlat qiyoslovidan o‘tkazilganligini ta’kidlagan bo‘lsalarda, lekin sertifikatlar ehtiyotsizlik orqasidan yo‘qotib qo‘yilgan, degan vaj bilan o‘rganishga taqdim qilinmadi.
Bozor hududidagi yong‘in xavfsizligi burchaklari yong‘in holatlari sodir bo‘lganda zarur bo‘ladigan vositalar bilan to‘liq ta’minlanmagan, suv hamda qum to‘ldiriladigan maxsus idishlar qo‘yilmagan. Xavfsizlik burchaklari atrofi tozaligi qoniqarsiz holatda. Turli avariya va baxtsiz hodisalar sodir bo‘lganda tezkorlikda xabar berilishini ta’minlash uchun Tez tibbiy yordam, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar idoralarining qisqa raqamlari to‘g‘risida ma’lumotlar qo‘yilmagan. Yuqoridagi holatlar bozor ma’muriyati tomonidan amaldagi Qonunning 12-moddasi talablari ijrosini ta’minlab bermayotganligini ko‘rsatadi.
Go‘sht rastasi sotuvchilari sotilayotgan mahsulotlarga narxnomalar yozib qo‘ymaganlar. Bu holat iste’molchilarga noqulaylik tug‘dirishi barobarida, Qonunning 6-moddasi talablariga amal qilinmayotganligini ham ko‘rsatadi.
Bu kabi holatlarni bu yerda savdo faoliyatini olib borayotgan boshqa sotuvchilarda ham kuzatildi. Xususan, xorijdan keltirilgan import banan, ananas, kivi, apel’sin, mandarin kabi sitrus mevalarning tegishli sertifikatlari so‘ralganda, sotuvchilar sertifikatlarni taqdim qila olmadilar. Axir iste’molchi xarid qilayotgan mahsulotining sifati to‘g‘risida to‘laqonli ma’lumot olish huquqiga ega emasmi?
Karantin talablari yurtimizda hali butunlay bekor qilinmagan, balki biroz yumshatilgan bo‘lsada, amaldagi Qonunning 12-moddasi bilan belgilab qo‘yilgan talablar o‘zgargani yo‘q. Iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar sanitariya-gigiena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishini talab qilish huquqiga ega. Lekin go‘sht mahsulotlarini sotayotgan sotuvchilarning aksariyatini davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tganligini tasdiqlovchi “Shaxsiy tibbiy daftarcha”larini ko‘rsata olmaganliklarini qanday baholash mumkin? Tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan bu holat qat’iy nazoratga olinganida sotuvchilar bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardilar.
Sut va tuxum mahsulotlari rastasida ham yuqoridagi kabi salbiy holatlarga duch kelindi. Shuning bilan birgalikda, aholi iste’molida muhim o‘rin tutuvchi sut, qatiq, sariyog‘, suzma kabi mahsulotlarni usti ochiq holda saqlanib, xaridorlarga sotilayotgani inson ta’bini xira qilmasdan qolmaydi.
Bozorning oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazuvchi laboratoriyasidagi mavjud uskunalardan ayrimlarini, jumladan sut mahsulotlari sifatini o‘lchovchi “Tester SOEKS” hamda “Laktan” uskunalarining davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi sertifikatning muddati o‘tgan.
Umid qilamizki, o‘rganish natijalari yuzasidan aniqlangan va ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar bozor ma’muriyati va mas’ullar tomonidan tez kunlarda bartaraf qilinadi.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий