Iste’molchi Federatsiya ko‘magida o‘n to‘qqiz million so‘m pulini qaytarib oldi

Iste’molchi Federatsiya ko‘magida o‘n to‘qqiz million so‘m pulini qaytarib oldi

Albatta, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” qonun normalari talablarini hamma ham to‘liq tushunib, o‘z huquqlarini himoya qila oladi, deyishimiz qiyin. Fuqaroga ushbu yo‘nalishda huquqiy maslahat, bevosita amaliy ko‘mak zarur bo‘lishi tabiiy hol. Shu joyda, Federatsiya va uning hududiy organlari mazkur yo‘nalishda aholiga beminnat xizmatlar ko‘rsatishga doim tayyorligini eslatib o‘tishimiz o‘rinlidir.

Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida o‘rganilgan murojaatda ham o‘zining iste’molchilik qonuniy manfaatlarini himoya qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘ralgan.

Iste’molchi D.Tojiboev o‘z murojaatida tumanda faoliyat yuritayotgan “Akobir Uchqun MChJ” korxonasiga xonadonida qurilgan yangi bino tom qismini yopish uchun tunuka tom qoplamasi mahsulotlariga buyurtma berganligini ma’ulm qiladi. Shartnomaga ko‘ra, xaridor 20000000 (yigirma million) so‘m pul mablag‘ini korxona hisobiga to‘lab, yuqorida nomi zikr etilgan qonunning 8-moddasidagi o‘z majburiyatini, ya’ni shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini ado qilgan. Endi gap sotuvchining mazkur modda bo‘yicha o‘z majburiyatini, ya’ni muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni iste’molchiga mulk qilib topshirish majburiyatini ado qilishida qolgan va mazkur majburiyatning muayyan miqdordagi tovarni yetkazib berish qismi uddalangan bo‘lsada, uning maqbul sifatda chiqishida qolgan edi, xolos. Lekin shu yerga kelganda mahsulotning sifatsiz chiqqanligi ikki o‘rtada tushunmovchiliklarni kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Iste’molchining bu borada korxona mas’ullariga qilgan murojaatlari ham natija bermasdan kelgan.

Murojaat tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga amaldagi qonun talablari, xususan iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari va ushbu holatda sotuvchining majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shartnoma shartlari, shuningdek iste’molchining qonuniy talablarini o‘z muddatlarida bajarilmasligi ortidan kelib chiquvchi oqibatlar bo‘yicha ogohlantirishlar berib o‘tildi.

O‘rganish yakunlari bilan esa sifatsiz mahsulot korxonaga qaytarilishiga, qayta hisob-kitob ishlari o‘tkazilib, mahsulotning xonadon tomi uchun foydalanilgan tegishli sifatdagi qismi chegirilishiga va uning sifatsiz deb topilgan aksariyat qismi puli, ya’ni 19000000 (o‘n to‘qqiz million) so‘m pul mablag‘ini iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.

Xamidjon Axmedov
Beshariq tuman jamiyati raisi

(illyustrativ foto)

Отправить комментарий