Hududiy birlashmaning yakuniga yetkazilgan grant loyihasi bo‘yicha brifing tashkillandi
Hududiy birlashmaning media tadbirlar rejasida tashkillangan birfingda hududiy birlashmaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining “Yoshlarning muammolarini hal qilishga, tashabbuslari va zamonaviy g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi “Yoshlar orasida ijtimoiy tadbirkorlikning asoslarini keng targ‘ib etish, yoshlar qatlamining moliyaviy savodxonligini oshirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanadigan yosh iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish” nominasiyasi bo‘yicha “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” nomli loyihaga ajratilgan grant mablag‘i asosida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha axborotlar berib o‘tildi.
Ta’kidlandiki, loyiha bo‘yicha ishlar 2024 yilning iyul oyida boshlanib, iyul-avgust oylari davomida bajariladigan ishlar ketma-ketligi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi bilan loyihani to‘laqonli amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi Memorandum va viloyatimizdagi 10 ta oliy o‘quv yurtlarida o‘tkaziladigan seminar-treninglar grafigi, Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi bilan loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlarni televidenieda yoritish borasida media-reja ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Hududiy birlashma Kengashining 2024 yil iyul oyida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida tovar (ish, xizmat)larni yetkazib beruvchi tadbirkorlik sub’ektlaridan kelib tushgan tijorat takliflari ko‘rib chiqilib, yig‘ilish qarori bilan ularning ichidan g‘olib deb topilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tovar (ish, xizmat)lar xaridi bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Yuqoridagi asoslarda hududiy birlashmaning 2017 yildan buyon ishlab kelayotgan https://istemolchi-info.uz/ rasmiy veb-sayti modernizasiya qilinib, zamonaviy talablarga, shuningdek saytni komp’yuter, noutbuklardan hamda mobil qurilmalar orqali ko‘rish bo‘yicha talablarga moslashtirildi.
Farg‘ona davlat universitetida “Moliyaviy savodxonlik kutubxonasi”ni tashkil qilish maqsadida 120 nomdagi 234 dona ilmiy, ilmiy-ommabop va badiiy kitoblar xarid qilinib, universitetning Iqtisodiyot fakul’teti kutubxonasiga hadya qilindi va 2024 yilning 7 oktyabr kunida mazkur kutubxonani ochilish marosimi o‘tkazildi.
“Moliyaviy savodxonlik davr talabi” nomi ostida A3 formatdagi plakat loyihasi ishlab chiqilib, 10 000 nusxada bosmadan chiqarildi va viloyatda faoliyab borayotgan tuman (shahar) iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari ko‘magida tarqatildi.
Yoshlar o‘rtasida “Men moliyaviy savodxonman” nomi ostidagi qisqa videoroliklar yaratish bo‘yicha bir bosqichli ko‘rik-tanlovining Nizomi ishlab chiqildi va Farg‘ona televideniesi va radiosidan, shuningdek hududiy birlashma hamda hamkorlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali e’lonlari berildi. Tanlov Nizomida belgilangan muddat ichida ishtirokchilardan 15 ta materiallar kelib tushdi. Hududiy birlashmaning 2024 yil noyabr oyidagi navbatdagi Kengash yig‘ilishida 7 nafardan iborat, ya’ni tanlov tashkilotchisi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, O‘zNNTMA viloyat hududiy bo‘linmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi, jurnalist va blogerdan iborat tarkibdagi Hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan kelib tushgan materiallarni baholash natijalariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlanib, 2024 yilning 17 dekabr kunida Farg‘ona shahridagi “NNTlar uyi”da o‘tkazilgan taqdirlash marosimida 1-3 o‘rinlarni egallagan g‘oliblarga pul mukofotlari, 1 nafar ishtirokchiga rag‘batlantiruvchi nominasiya g‘olibi sifatida esdalik sovg‘a va hududiy birlashma Faxriy yorliqlari, qolgan ishtirokchilarga esa esdalik sovg‘a va Tashakkurnomalar topshirildi.
Markaziy bankning Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi bilan tasdiqlangan grafik asosida viloyat hududidagi 10 ta oliy o‘quv yurtlarida, jumladan, Farg‘ona politexnika instituti, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Farg‘ona davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali, O‘zbekiston davlat jismoniya tarbiya va sport instituti Farg‘ona filiali, Latviya axborot tizimlari menejmenti oliy maktabi Farg‘aona filiali, Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti, Markaziy Osiyo tibbiyot universitetlarida “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” shiori ostida seminar-treninglar o‘tkazildi. Tadbirlarda har bir oliy o‘quv yurtidan kamida 50-60 nafardan yoshlar, jami 600 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdilar. Treninglar doirasida unda faol ishtirok etgan yoshlarni turli ko‘rinishlarda rag‘batlantirib ham borildi.
Hududiy birlashmaning “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” nomli loyihasi bo‘yicha ishlar 9 oy davomida amalga oshirilib, joriy yilning mart oyi yakuni bilan nihoyasiga yetkazildi.
Post Comment