Shartnoma bekor qilinmasdan qolib ketishi iste’molchi bank kartasidan pul mablag‘lari yechib olinishiga sabab bo‘lgan

Shartnoma bekor qilinmasdan qolib ketishi iste’molchi bank kartasidan pul mablag‘lari yechib olinishiga sabab bo‘lgan

Toshloq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Farg‘ona shahrilik M.D. ning shaharning Qirguli mavzesida joylashgan “Ishonch” kredit savdo do‘konidan 3 600 000 so‘mga sotib olingan telefon apparatida nuqson aniqlangani sababli tovarni sotuvchiga qaytargan bo‘lsada, lekin shartnoma bekor qilinmasdan plastik kartasidan pul mablag‘i yechib kelingani to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, murojaat egasi 2021 yilning may oyida Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida joylashgan “Ishonch” kredit savdo do‘konidan Samsung A 12 rusumli mobil qurilmani, shartnoma qiymatini bir yil davomida bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilgan. Biroq oradan bir hafta o‘tib, mobil qurilma quvvatlash jarayonida o‘chib qolavergach savdo do‘koniga qaytarib olib kelgan. Sotuvchi tomoni telefondagi nuqson bartaraf etilganini aytib uni yana iste’molchi qo‘liga topshirgan bo‘lsada, shundan so‘ng o‘tgan bir oy ichida undagi nosozliklar yana qaytalanavergach, iste’molchi telefonni savdo do‘koniga qaytarib olib kelgan va uni qaytarib olishlarini hamda shartnomani bekor qilishlarini talab qilgan. Do‘kon mas’ullari shartnoma bekor qilinishini va’da qilgan holda telefon apparatini olib qolgan bo‘lsalarda, oradan o‘tgan vaqt davomida iste’molchining plastik kartasidan yana pul mablag‘lari yechilishda davom etavergan.

Tuman jamiyati tomonidan yuzaga kelgan holatga aniqlik kiritish maqsadida sotuvchiga so‘rov xati kiritilib, o‘rganish ishlari davom ettirildi. Uning yakunlariga hamda sotuvchi tomonidan berilgan javob xatiga ko‘ra, iste’molchi nomiga rasmiylashtirilgan shartnomani o‘z vaqtida bekor qilish choralari ko‘rilmay qolganligi oqibatida iste’molchining bank plastik kartasidan jami bo‘lib 3 062 635,52 so‘m mablag‘ yechib olinganligi ma’lum bo‘ldi va hujjatlashtirish ishlaridagi kamchilik bartaraf qilinib, ushbu mablag‘larni to‘lig‘icha iste’molchining bank kartasiga qaytarilishiga erishildi.

Hurmatli iste’molchilar!

Muddatli to‘lovga xarid qilingan tovarda nuqson aniqlanishi ortidan tovarni sotuvchiga qaytarilishi, biroq muddatli to‘lov shartnomalarini bekor qilinmasdan qolishi holatlari ko‘p uchramoqda. Sizlardan bunday shartnomalarni imzolaganda shartnomani bekor qilinishi tartiblariga ham e’tibor qaratib qo‘yishlaringizni so‘rab qolamiz. Agar shartnomada u tomonlardan biri ikkinchi tomonni muayyan muddat oldin yozma ravishda xabardor qilganidan so‘ng bekor qilinadi, degan mazmundagi band bo‘lsa, u holda nuqsonli tovarni qaytarib topshirish jarayonida sotuvchi tomoniga shartnomani bekor qilinishi to‘g‘risida yozma ravishda ogohlantirish xati kiritib, ushbu yozishmaning bir nusxasini o‘zingizda saqlab qo‘yishingiz maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Husnidaxon Yakubova,
tuman jamiyati mutaxassisi.

(foto sun’iy intellekt yordamida yaratildi)

Post Comment