Salkam ikki yil oldin to‘langan va hisob raqamiga tushmay qolgan to‘lov summasi iste’molchi hisob raqamiga yo‘naltirildi

Salkam ikki yil oldin to‘langan va hisob raqamiga tushmay qolgan to‘lov summasi iste’molchi hisob raqamiga yo‘naltirildi

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Xotinqumi» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi N.R.ning “Farg‘ona suv ta’minot” MChJ Toshloq tuman filiali xizmatidan norozilik bildirib qilgan og‘zaki murojaati o‘rganildi.

Murojaatda bildirilishicha, iste’molchi tumanning «Sadda» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan sartaroshxonasiga 2023 yilda suv hisoblagich o‘rnatgan. 24.11.2023 yil kuni A. ismli suv ta’minoti korxonasi xodimi kelib unga hisob raqam berib, 1 000 000 so‘m pul mablag‘ini ushbu hisob raqamga o‘tkazishini, keyinroq bu mablag‘ uning hisob raqamiga o‘tkazib berilishini aytgan. Iste’molchi bank muassasasi orqali aytilgan mablag‘ni shu kunning o‘zida ko‘rsatilgan hisob raqamiga o‘tkazgan va shu bilan ushbu pul mablag‘i taqdiri bilan qiziqmagan. Lekin oradan vaqtlar o‘tib suv ta’minoti korxonasiga borgan N.R. yuqoridagi to‘lov summasi shu vaqtga qadar o‘zining hisob raqamiga tushirib qo‘yilmaganligini bilib, bu borada korxona mutassaddilariga murojaat qilgan. O‘zini qanoatlantiradigan javob ololmagach esa, bu borada tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, muammoni ijobiy hal etilishida amaliy yordam so‘raydi.

Ushbu holat yuzasidan “Farg‘ona suv ta’minoti” MChJ Toshloq tuman filialiga so‘rov xati kiritilib, o‘rganish ishlari olib borilganda N.R. nomiga hisob raqam 2024-yilning 20-mayiga kelibgina ochilganligi va buning natijasida 6 oy oldin to‘langan to‘lov summasi uning hisob raqamiga o‘tkazilmasdan qolib ketganligi ma’lum bo‘ldi. So‘rov xatiga korxonadan 14.08.2025 yil kunida olingan 194-sonli javob xatida iste’molchi N.R.dan korxona hisob raqamiga haqiqatda pul mablag‘i kelib tushganligi, korxona hisob raqami yuqori turuvchi tashkilot tomonidan boshqarilishi sababli ushbu holat yuzasidan bildirgi kiritilganligi ma’lum qilindi. Shu asoslarda korxona tomonidan 09.09.2025 yilda berilgan 225-sonli ikkinchi javob xati bilan iste’molchi N.R. tomonidan to‘langan 1 000 000 so‘m pul mablag‘i o‘z hisob raqamiga o‘tkazib berilganligi ham ma’lum qilindi.

Husnidaxon Yakubova,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment