Xususiy sektorda iste’molchilarga o‘z e’tirozlarini o‘rnida bildirishlari uchun imkoniyatlar yaratib berilishi zarur

Xususiy sektorda iste’molchilarga o‘z e’tirozlarini o‘rnida bildirishlari uchun imkoniyatlar yaratib berilishi zarur

Turli davlat idoralariga o‘z ariza, shikoyat va takliflari bilan murojaat qilib kelayotgan aholi vakillari uchun mazkur idoralarda o‘z murojaatlari (shuningdek e’tirozlari)ni og‘zaki, yozma va elektron shakllarda, o‘rnida bildirishlari uchun tegishli sharoit va imkoniyatlar yaratib qo‘yilgan. Lekin iste’molchilarga xizmatlarning aksariyat qismi xususiy sektor tomonidan ko‘rsatiladigan bugungi kunda iste’molchi sotilgan tovar, ko‘rsatilgan xizmat, bajarilgan ish yuzasidan o‘z e’tirozini xususiy sektor mas’uliga yuqoridagi shakllarda bildirish imkoniyatlari mavjudmi?

Amaliyotda, ko‘pchilik hollarda, xarid qilgan tovarida nuqson aniqlangan iste’molchi o‘z e’tirozlarini savdo do‘koni xodimiga faqat og‘zaki tarzda bildirish imkoniyatiga ega. Sababi mazkur do‘konda iste’molchi uchun e’tirozlarni bildirishning boshqa imkoniyatlari (masalan, shikoyat va takliflar daftari, elektron murojaat qilish uchun aloqa ma’lumotlari va b.) yaratilmaganidadir. Oqibatda iste’molchining sotuvchiga qilgan og‘zaki ravishdagi murojaati (e’tirozi) hech qaerda aks etmasdan (rasmiylashtirilmasdan), sotuvchida uni «erta kel», «indin kel» qabilida haftalab, oylab sarson qilish uchun imkoniyat mavjud. Tegishli shakldagi va qonun talablarini o‘zida aks ettirgan E’tiroznoma (pretenziya)ni yozib, uni sotuvchiga taqdim qilish, u olishni bosh tortgan taqdirda esa pochta orqali yuborib, ertaga nizoni hal qilishda asqotadigan tayanch nuqtani – o‘zining ilk murojaat qilgan kuni (vaqti, soati)ni qonuniy qayd qilish, talablari o‘z muddatlarida ko‘rib chiqilmagan, tegishli tartibda hal qilinmagan taqdirda esa qonun talablari bo‘yicha neustoyka (penya)larni undirib olishni esa hamma ham yoki bilmaydi yoki uddasidan chiqavermaydi.

Shu sababdan ham Raqobat boshqarmasi so‘rovi va tanlama asosda viloyatdagi iste’molchilarga savdo va umumiy ovqatlanish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizasiya qilayotgan 97 ta sub’ektlarda aholi vakillariga bu borada yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan kuzatuvlar o‘tkazilganida, ularning 25 tasi yoki 25,7 % idagina (shularning 76 % i dorixonalardir) iste’molchi o‘z murojaati (e’tirozi)ni og‘zaki ravishda bildirishidan tashqari shikoyat va takliflar daftariga ham qayd qilishi uchun imkoniyatlar yaratilganligi, qolgan sub’ektlarda esa faqatgina og‘zaki e’tirozlar bilan cheklanishi qayd qilindi. Shularning 28 tasi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, 25 tasi savdo do‘konlari, 19 tasi esa dorixonalardir. Ularning bir-ikkitasida bu borada elektron shaklda ham qabul qilish imkoniyati yaratilganligi da’vo qilingan bo‘lsada, murojaat qilinishi mumkin bo‘lgan elektron manzil (pochta, bot va b.) ko‘zga ko‘rinarli va iste’molchilar tanishishi uchun qulay joyga qo‘yilmaganligi bu imkoniyatlarning yaratilmaganligini ko‘rsatadi.

Kuzatuvdan o‘tkazilgan sub’ektlarning 43 tasi yoki salkam yarmida, shularning 21 tasi savdo do‘konlari, 19 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari, 3 tasi dorixonalar, kirish qismiga sub’ektning nomi, yuridik manzili va ish tartibini ko‘rsatuvchi peshlavhalarning o‘rnatilmaganligi esa, qonunlarni bilgan iste’molchi uchun ham E’tiroznomani yozma ravishda berishda qiyinchilik tug‘diradi. Sababi u E’tiroznomani pochta orqali yuborish uchun sub’ektning haqiqiy manzilini bilmaydi (xizmat ko‘rsatuvchi vakili esa ushbu manzilni aytishdan bosh tortishi yoki manzilni noto‘g‘ri berishi ham mumkin).

Yuqoridagi sharoitlarni to‘liq va to‘laqonli yaratib berilishi iste’molchilarga qulayliklar yaratishi bilan birgalikda, xususiy sektor egasi – mulkdorga ham o‘z biznesi va qo‘l ostidagi xodimlar ustidan samarali nazorat borish, xaridor (mijoz)larning e’tirozlari bilan ishlash yo‘nalishida samarali ish tashkillash va ular bilan yuzaga keladigan nizolarni o‘rnida hal etish hamda murojaatlarni turli davlat idoralarigacha yetib borib, ular tomonidan tekshirilishigacha bo‘lgan ortiqcha bosh og‘riqlardan biroz holi bo‘lish imkoniyatini ham yaratib bergan bo‘lar edi.

Post Comment