Attorlik-pardoz tovarlarini xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Attorlik-pardoz tovarlarini xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

So‘nggi yillarda mamlakatimizda attorlik va pardoz mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu esa iste’molchilarni bunday tovarlarni sotib olishda yanada ehtiyotkor bo‘lishga undaydi. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun hamda tegishli me’yoriy hujjatlarga ko‘ra, bunday tovarlar sifati, tarkibi va saqlash muddati to‘liq ko‘rsatilgan holda savdoga chiqarilishi shart.

Mutaxassislar ta’kidlaydilar: xaridor mahsulot yorlig‘ida ishlab chiqaruvchi, tarkibiy qismlar va allergik ta’sirlar haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan o‘qishi zarur. Ayniqsa, atirlar va krem mahsulotlarini sotib olishdan avval ularni sinab ko‘rish imkoniyati bo‘lishi kerak. Yaxshi savdo nuqtalarida maxsus “tester” namunalar mavjud bo‘ladi.

Qiziqarli holat: ayrim xaridorlar atirni do‘konda yoqtirib, uyga borgach undan ko‘ngli to‘lmaydi. Bunga hidning harorat, havo namligi yoki teri kimyosi bilan o‘zgarishi sabab bo‘ladi. Shu bois, mutaxassislar atirni bir necha soat sinab ko‘rib keyin xarid qilishni maslahat berishadi.

Xulosa shuki, har bir iste’molchi o‘z tanloviga jiddiy yondashsa, nafaqat sifatli, balki sog‘lom hayot tarziga mos bo‘lgan mahsulotni tanlay oladi.

Unutmang: «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ga ko‘ra, attorlik-pardoz tovarlari zarur sifatda bo‘lsa va nuqsonlari bo‘lmasa, sotilgandan so‘ng qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Shaxnoza Valiyeva,
Quvasoy shahar jamiyati raisi v.b.

Post Comment