Iste’molchini olti kun davomida qiynab kelgan muammo bartaraf qilindi
«Telekommunikasiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari»ning 286-bandida telekommunikasiya operator va provayderlarining umumiy majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unda xizmat ko‘rsatuvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini amaldagi standartlar, qoidalar, normalar va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishini, xizmatlar kechayu-kunduz ko‘rsatilishini ta’minlash, ko‘rsatilgan xizmatlarning kamchiliklarini shartnomada, qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda bartaraf etish kabi bir qator umumiy majburiyatlar yuklatilgan.
Lekin Qoidalarda abonent/foydalanuvchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqishni ular kelib tushgan sanadan boshlab o‘n besh kun ichida etib belgilanishi bugungi axborot asri talablariga, shuningdek bozor, raqobat tamoyillariga biroz mos emasdek tuyuladi. Sababi internet xizmatlari foydalanuvchisi uchun internet har kuni, har soatda zarur. Oddiygina WiFi routerda yuzaga kelgan juz’iy nuqson sababli bir necha kun internetdan uzilib qolgan iste’molchi va murojaatni o‘rganib chiqishga hali 15 kun vaqtimiz borku, deb ushbu arzimagan nuqsonni bartaraf etib berishni paysalga solib kelayotgan xizmat ko‘rsatuvchini ko‘z oldingizga keltiring.
O‘zbekiston tumanilik H.M. ham xonadonida internet yaxshi ishlamayotganligi haqida ariza berganligi, oradan 6 kun o‘tgan bo‘lsada xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan hech bir chora-tadbir ko‘rilmaganligini ma’lum qilib Federatsiya ishonch telefoniga shikoyat qoldirgan. Murojaat soha mas’ullari hamkorligida o‘rganilishi jarayonida mutaxassis tomonidan xonadondagi WiFi routerni sozlanishi bilan muammo bartaraf bo‘ldi.
Shu o‘rinda iste’molchilarga, turli xizmatlardan foydalanganda shartnomada belgilangan muddat, miqdor, hajm va sifatda xizmatlar ko‘rsatilishini talab qilish huquqingiz mavjudligini, huquqlaringiz buzilganda esa Federatsiya va uning hududiy tashkilotlariga yozma, og‘zaki yoki elektron shaklda murojaat qilish imkoniyatiga egaligingizni eslatib o‘tamiz.
Dilshodbek Rassayev,
O‘zbekiston tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi.



Post Comment