Bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmat tegishli qoidalarda va shartnomada belgilangan sifatda bo‘lishi lozim

Bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmat tegishli qoidalarda va shartnomada belgilangan sifatda bo‘lishi lozim

Qonunchilikda ijrochi deganda, maishiy xizmat, uy-joy-kommunal, ta’mirlash-qurilish, transport xizmati va xizmat ko‘rsatishning boshqa sohalarida shartnoma bo‘yicha iste’molchi uchun ishlar bajaradigan yoki xizmatlar ko‘rsatadigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tushuniladi.

Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart. Ish bajarish (xizmat ko‘rsatish) jarayonida kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlansa, iste’molchi mazkur ish (xizmat)ga belgilangan kafolat muddati davomida, kafolat muddati bo‘lmagan taqdirda esa, ish (xizmat) qabul qilib olingan kundan e’tiboran olti oy davomida o‘z qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqara oladi.

Mazkur holatda iste’molchining qonuniy huquqlari deganda esa, iste’molchining ijrochiga nisbatan qo‘yadigan:
– nuqsonlar bepul bartaraf etilishini,
– bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini,
– xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini,
– ishning takroran bajarilishini,
– shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilish kabi huquqlari tushuniladi.

Iste’molchining qonuniy talablarini bajarilmasligi esa ijrochiga qonunda belgilangan muddatlardan har bir kechiktirilgan kun uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lash majburiyatini yuzaga keltiradi.

Yozyovon tumanida yashovchi N.I.ning shu tumandagi avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasida avtomobili motor qismini ta’mirlatganidan so‘ng uch kun o‘tmasdan avtomashinada eski nuqsonlar qayta kuzatilgani, texnik ta’mirlash ishlarini qaytadan o‘tkazib nuqsonni bepul bartaraf etish choralarini ko‘rilishi, aks holda 950 000 so‘m pulini qaytarilishi yuzasidan qo‘ygan talabiga esa usta tomonidan e’tiborsizlik bilan qaralayotgani haqidagi murojaatini o‘rganilishi davomida, ustaga qonunchilikning yuqoridagi talablari tushuntirildi. Qonun talablarini bajarmaslikning huquqiy oqibatlarini to‘g‘ri anglab yetgan usta nuqsonni bir ish kuni ichida bepul bartaraf etib berilishini o‘z zimmasiga oldi.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment