Ta’mirlash ishlari takroran va bepul bajarildi
Ustaxonada maishiy buyumda ta’mirlash ishlari bajarilib, iste’molchiga nuqson to‘liq bartaraf etilganligi ma’lum qilingandan so‘ng mazkur ish (xizmat)dan foydalanish jarayonida o‘sha nuqson qaytadan yuzaga kelsa yoki boshqa jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘lsa, ushbu holatdagi iste’molchining huquqlaridan biri bu ishni takroran va bepul asoslarda bajarilishini talab qilishdir. Bunda bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bo‘yicha e’tirozlarni bildirish muddatlari ish (xizmat)ning kafolat muddati mobaynida, bunday muddat belgilanmagan bo‘lsa olti oy davomida ekanligi yodda tutilishi kerak.
Yozyovon tumanilik M.Z.ning radiotexnika vositalarini ta’mirlash ustaxonasi xizmatlaridan foydalanganidan so‘ng olti oyni kutib o‘tirishigayam hojat qolmadi, sababi platasi kuyganligi vaji bilan 250 000 so‘m evaziga ta’mirlangan Samsung 32 rusumli televizorning bir kun ichidayoq ekrani yana qoraydi qoldi. Ustaga bu borada qilingan qayta murojaat va e’tirozga esa ta’mirlash uchun yana 300 000 so‘m pul so‘ralgan.
Yana qonunchilikning shu kabi holatlardagi nizolarga yechim beruvchi normalariga e’tibor qaratamiz. Ularga ko‘ra, nuqsonlarni bartaraf etish muddatlari shartnomada belgilab qo‘yilishi, lekin bu muddatlar iste’molchi talab qilgan kundan e’tiboran yigirma kundan oshib ketmasligi, nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, ijrochi iste’molchiga har bir kechiktirilgan kun uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashligi belgilab qo‘yilgan.
Albatta, qonunchilikning ushbu normalarini ustaga tushuntirilishi kutilgan natijani berdi. Usta televizorning ehtiyot qismini o‘z hisobidan almashtirib, bepul xizmat ko‘rsatdi. Iste’molchi muammosi bartaraf etilib, televizor uning qo‘liga soz holatda topshirildi.
Ma’mura Umarova,
tuman jamiyati raisi.



Post Comment