Maishiy xizmat buyurtmasi: nimalarga e’tibor berish kerak?
Ko‘pchiligimiz maishiy xizmatlardan — poyabzal ta’miri, maishiy texnika sozlash, kiyim tikish yoki kimyoviy tozalash kabi xizmatlardan tez-tez foydalanamiz. Ammo buyurtma berish paytida huquqlarimiz va xizmat ko‘rsatuvchining majburiyatlarini hamma ham yaxshi bilmaydi. Shuning uchun “Buyurtma qabul qilish va uni rasmiylashtirish” qoidalari bilan tanishib qo‘yish foydadan xoli emas.
Avvalo, xizmat ko‘rsatuvchi buyurtmani qabul qilishda iste’molchidan aniq ma’lumotlarni olishi shart. Masalan, qanday xizmat kerakligi, buyumning holati, ishning bajarilish muddati va narxi oldindan kelishib olinadi. Bu ma’lumotlar albatta yozma shaklda rasmiylashtirilishi kerak. Ya’ni, sizga kvitansiya, buyurtma-talon yoki chek berilishi shart. Bu hujjat — siz uchun asosiy himoya vositasi.
Hujjatda xizmat ko‘rsatuvchining nomi, manzili, buyurtmaning sanasi, ishning bahosi va topshirish muddati aniq ko‘rsatilishi lozim. Agar buyumda avvaldan nuqsonlar bo‘lsa, ular ham qayd etiladi. Bu keyinchalik “ayb kimda?” degan bahslarning oldini oladi.
Yana bir muhim jihat — narx. Agar xizmat bahosi keyin o‘zgarishi mumkin bo‘lsa, bu haqda iste’molchi oldindan ogohlantirilishi shart. Iste’molchining roziligisiz qo‘shimcha ishlar bajarilishi mumkin emas.
Xulosa qilib aytganda, buyurtma berishda hujjat talab qilishdan uyalmang. Bu — sizga qonun bilan berilgan haq. Hujjat bor joyda adolat ham osonroq ta’minlanadi.
Husniddin Mo‘ydinov,
Furqat tuman jamiyat raisi.



Post Comment