Iste’molchi murojaati ortidan liftdagi nuqson bartaraf etildi
Qonunchilikka ko‘ra, iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat (bajarilayotgan ishlar) amaldagi talablar va normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ko‘rsatilishi yoki bajarilgan bo‘lishi, ularning hayoti, sog‘lig‘i uchun xavfsiz bo‘lishi, shuningdek, ularning mol-mulkiga zarar yetkazmasligi kerak. Iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug‘diruvchi ish bajarganlik, xizmat ko‘rsatganlik uchun qonunchilikka muvofiq nafaqat ijrochi, balki undan foydalanishga ruxsat bergan idoralar ham javobgar bo‘ladi.
Farg‘ona tumani hududidagi ko‘p qavatli uylardan birida lift ishlamasdan, nosoz holga kelib qolgani holati yuzasidan shu uyda yashovchi N.A. O‘zbekiston iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga murojaat qoldirgan hamda murojaatda ko‘rsatilgan ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi «Yulduz» mas’uliyati cheklangan jamiyati Marg‘ilon shahrida joylashganligi sababli murojaat Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyatiga yo‘naltirilgan edi.
Shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan holat o‘rganib chiqilib, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot mas’ullariga bu boradagi qonunchilik talablarini o‘zida aks ettirgan
so‘rov xati kiritildi. O‘rganish ishlari davomida liftning nosozligiga sabab bo‘layotgan ehtiyot qismi almashtirilgach nuqson bartaraf etilib, lift shu uyda yashovchi xonadon egalari va mehmonlar uchun yana o‘z xizmatlarini ko‘rsatishni boshladi.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment