Tovarda kafolat muddati ichida yuzaga kelgan nuqson qonunda belgilangan muddatlarda bartaraf etilishi lozim

Tovarda kafolat muddati ichida yuzaga kelgan nuqson qonunda belgilangan muddatlarda bartaraf etilishi lozim

Kafolat muddati davomida bir marta nuqson aniqlanib, nuqson servis markazi tomonidan bartaraf etilgan maishiy texnika buyumida oradan ma’lum vaqt o‘tib yana nuqson aniqlansa, nima qilish kerak? Albatta, ushbu holat bo‘yicha yana servis markaziga murojaat qilinishi va ular tomonidan iste’molchining aybisiz, kafolat muddati ichida ro‘y bergan nuqson bepul bartaraf etilishi choralari ko‘rilishi kerak. Sababi qonunchilik ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qo‘llanilishini, ulardan foydalanilishini) ta’minlashi shartligini belgilab qo‘ygan.

Farg‘ona shahrilik M.I. 2023 yilning mart oyida Marg‘ilon shahridagi buyum bozori hududidan «Avangard» rusumli gaz plitasini xarid qilib, undan foydalanishi davomida noyabr oyida plitada ilk marotaba nuqson anilangan. Nuqson servis markaziga qilingan murojaat vositasida bartaraf etib berilgan. Lekin 2025 yilning dekabr oyiga kelib maishiy buyumda yana nuqson kuzatiladi. Bu safar servis markaziga qilingan murojaat asosida xizmatlar ko‘rsatilishi esa negadir cho‘zib yuborilgan. Shundan so‘ng iste’molchi Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyatiga o‘z huquqlaridan samarali foydalanishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat kiritgan.

Qonunchilikka ko‘ra tovarda kafolat muddatida aniqlanan nuqsonlarni ishlab chiqaruvchi (uning qonuniy vakili) o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim, aks holda ishlab chiqaruvchi vakilida shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga neustoyka (penya) to‘lash majburiyati yuzaga keladi. Shundan kelib chiqqan holda, jamiyat mutaxassisi tomonidan servis markazi mas’ullari bilan bu borada olib borilgan muzokaralar natijasida gaz plitasida yuzaga kelgan nuqson markaz tomonidan qonunda belgilangan muddatlar ichida bepul bartaraf etib beriladigan bo‘ldi.

Mansurjon Tashkanov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment