Ikki jismoniy shaxs bir bo‘lib kredit olishi mumkinmi?
Odatda, jismoniy shaxsga bank muassasasi tomonidan beriladigan kredit aniq bitta shaxs nomiga rasmiylashtirilib, bank kredit bo‘yicha asosiy summa va foizlarni undirish, kredit bo‘yicha to‘lovlar kechiktirlilganda sudga murojaat qilish, fors-major va boshqa holatlar kelib chiqqanda holatga mos ravishda chora-tadbirlar belgilash kabi ishlarni amalga oshirishda aynan o‘sha shaxs bilan ish olib boradi. Kredit olish jarayonida ikkinchi shaxsning ishtiroki faqatgina kafil tarzida namoyon bo‘lishi bo‘lishi mumkin.
Agar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirib olgan bank mijozi olingan summaning muayyan qismini ikkinchi bir shaxsga bersa, bu ikkinchi shaxsning bank va kreditni olgan mijoz o‘rtasidagi shartnoma munosabatlarining qonuniy ishtirokchilaridan, ya’ni endilikda ushbu shaxs ham kredit to‘lovlari bo‘yicha teng (solidar) javobgarga aylanganligini bildirmaydi. Bu holat bir fuqaro ikkinchi bir fuqaroga qarzga pul berganligi holati bo‘lib, agar qarz olgan ushbu fuqaro qarzni bergan shaxsga pulni o‘z vaqtida qaytarmasa, kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lanishiga hissasini qo‘shmasa, bu holatda u bank oldida emas, balki bankdan kreditni rasmiylashtirib olgan fuqaro oldida javobgar bo‘ladi, xolos.
Bunday holatlardan birini Yozyovon tumanida kuzatilgan holat misolida ko‘rib chiqaylik. Shu tumanda istiqomat qiluvchi M.G‘. 2025 yil dekabr oyida hamkasbi N.H bilan kelishib, o‘z nomiga 6 000 000 so‘m kredit rasmiylashtirgan. Ushbu summa ikkisi o‘rtasida teng miqdorda bo‘lib olinib, kredit bo‘yicha oylik 416 000 so‘m to‘lovni ham teng ikkiga bo‘lgan holda, birgalikda to‘lab borishga kelishilgan. Lekin yanvar oyiga kelib birinchi to‘lovni o‘zidayoq N.H. summaning o‘ziga tegishli qismini nomiga kredit rasmiylashtirilgan hamkasbiga bera olmagan. Bank esa o‘z-o‘zidan kreditni olgan M.G‘.dan to‘lovlarni to‘liq so‘ndirilishini talab qilgan.
Iste’molchining yuzaga kelgan holatda unga amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaati asosida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchining huquq va majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berilishi jarayonida N.H. tomonidan o‘z hamkasbi oldidagi majburiyati bajarilib, u qarz majburiyatlarini bajarmaslik natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlardan ogohlantirildi.
Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment