Kir yuvish mashinasida yuzaga kelgan nuqson bepul bartaraf etib berildi
Beshariq tumanilik S.A.ning naqd pulga xarid qilingan kir yuvish mashinasida nuqson aniqlangani va yuzaga kelgan holatda qonuniy huquqlarini amalga oshirishida aaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, LG rusumli kir yuvish mashinasi 2025-yilning 25-dekabr kunida «555 Elegant Mobile» savdo do‘konidan xarid qilingan bo‘lib, iste’molchi undan foydalanishining ikkinchi marotabasida maishiy texnikada nosozlik kuzatilib, suv qo‘yib yuborgan.
O‘rganish ishlari doirasida yuzaga kelgan holat yuzasidan sotuvchiga so‘rov xati kiritildi. Unga berilgan javob xatida iste’molchi S.A. kir yuvish mashinasini haqiqatan ham mazkur do‘kondan xarid qilib olganligi, tovar iste’molchi xonadoniga yetkazilib, o‘rnatish va topshirish jarayonlarida undan foydalanish tartib-qoidalari yuzasidan tushuntirishlar berilganligi, maishiy texnikada yuzaga kelgan nuqson esa sotuvchi sa’y-harakatlari bilan bartaraf etib berilishi ma’lum qilindi.
O‘rganish ishlari davomida nuqsonli texnika Qo‘qon shahrida joylashgan, mazkur rusumdagi maishiy texnika buyumlariga servis xizmatlari ko‘rsatuvchi markazga yetkazilib, mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazildi hamda yuzaga kelgan nosozlik bepul bartaraf etilib, soz holatda iste’molchiga topshirildi.
Shoiraxon Nasriddinova,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment