Asossiz hisoblangan qarzdorlik bartaraf etildi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish amaliyotida har bir murojaat inson manfaatlari ustuvor ekanligini yana bir bor namoyon etadi. Ayniqsa, kommunal xizmatlar sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni adolatli hal etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.
O‘zbekiston tumanida istiqomat qiluvchi iste’molchi M.M. tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”ga murojaat kelib tushgan. Unda iste’molchi o‘z xonadonda ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha asossiz qarzdorlik hisoblanganidan noroziligini bildirgan.
Mazkur murojaat asosida Federatsiyaning O‘zbekiston tuman jamiyati tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari olib borildi. Xususan, “Farg‘ona suv ta’minoti” AJ O‘zbekiston tuman filiali mutaxassislari ishtirokida joyiga chiqqan holda holat atroflicha tahlil qilindi.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, iste’molchining xonadondagi suv ta’minoti holati, hisoblagich ko‘rsatkichlari hamda hisob-kitoblar o‘zaro taqqoslangan. Hujjatlarda keltirilishicha, xonadondagi suv hisoblagich ko‘rsatkichi 1013 m³ ni tashkil etgan bo‘lib, shunga muvofiq 71 000 so‘m miqdorida qarzdorlik mavjudligi qayd etilgan.
Biroq, qo‘shimcha o‘rganishlar davomida iste’molchiga nisbatan 1 320 000 so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblangani asossiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ya’ni, hisob-kitoblarda xatolikka yo‘l qo‘yilgani sababli ortiqcha qarzdorlik yuzaga kelgan.
Federatsiyaning tuman jamiyati tomonidan qonunchilik talablariga asosan tegishli tashkilotga taqdimnoma kiritilib, iste’molchi manfaatlarini tiklash choralari ko‘rildi. Natijada, asossiz hisoblangan 1 320 000 so‘m qarzdorlik bekor qilinib, haqqoniy hisob-kitob tiklandi.
Shuningdek, iste’molchiga kelgusida bunday holatlar yuzaga kelmasligi uchun hisoblagichlardan to‘g‘ri foydalanish va hisob-kitoblarni muntazam nazorat qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur holat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi samarali ishlayotganini ko‘rsatadi. Hech bir murojaat e’tiborsiz qoldirilmasdan, qonun doirasida o‘rganilishi orqali adolat qaror topmoqda. Agar siz ham kommunal xizmatlar yoki boshqa sohalarda noqonuniy holatlarga duch kelsangiz, o‘z huquqlaringizni himoya qilish uchun murojaat qilishdan tortinmang.
Dilshodjon Rassayev,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment