Issiqlik ta’minoti bo‘yicha asossiz hisoblangan yana bir qazdorlik sud orqali bekor qilindi
Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaro M.D. manfaatlarini ko‘zlab sudga kiritilgan da’vo arizasi qanoatlantirildi hamda iste’molchi asossiz hisoblangan qarzdorlik va penyadan ozod qilindi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudida ko‘rilgan ish materiallariga ko‘ra, fuqaro M.D. yashab kelayotgan Marg‘ilon shahri Chilonzor mahallasidagi xonadonga nisbatan Farg‘ona viloyati issiqlik manbai MChJ tomonidan 2 million 186 ming 453 so‘m asosiy qarz hamda 645 ming 473 so‘m penya hisoblangan.
Biroq iste’molchi mazkur qarzdorlik asossiz ekanini bildirib, xonadonda 2023 yildan buyon isitish radiatorlari o‘rnatilmagani, faqat tik quvurlar mavjudligi, shuningdek issiqlik ta’minoti bo‘yicha shartnoma tuzilmaganini ma’lum qilgan.
Sud muhokamasi davomida javobgar korxona vakili ham xonadonda radiatorlar mavjud emasligini tasdiqladi. Ish hujjatlariga ilova qilingan dalolatnomada ham iste’molchining xonadonida isitish moslamalari o‘rnatilmagani, uy orqali faqat tik quvur o‘tgani qayd etilgan.
Sud ishni ko‘rib chiqish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalariga tayanib, energiya ta’minoti shartnomasi energiya iste’moli uchun zarur uskunalar va qurilmalar mavjud bo‘lgan taqdirdagina tuzilishini ta’kidladi. Shuningdek, amalda iste’mol qilinmagan xizmat uchun haq undirish qonunchilik talablariga zid ekaniga e’tibor qaratildi.
Natijada sud Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining da’vo talablarini to‘liq qanoatlantirib, fuqaro M,D.ni 2 million 186 ming 453 so‘m asosiy qarz va 645 ming 473 so‘m penyadan ozod qildi. Shuningdek, javobgar korxonadan davlat foydasiga 412 ming so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.
Mazkur sud qarori iste’molchilarning huquqlari qonun bilan himoya qilinishi, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar esa hisob-kitoblarni amalda ko‘rsatilgan xizmat hajmi asosida yuritishi shart ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Shu bilan birga, fuqarolar o‘z huquqlari buzilgan holatlarda jamoat tashkilotlari va sud organlariga murojaat qilish orqali qonuniy manfaatlarini himoya qilishi mumkinligi amalda o‘z tasdig‘ini topdi.



Post Comment