Beshariq tuman jamiyati faoliyatiga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatildi

Beshariq tuman jamiyati faoliyatiga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi raisi Ahrorjon Raxmonaliyev hamda birlashmaning mas’ul xodimlari Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad tuman jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish, faoliyat samaradorligini tahlil qilish, mavjud masalalarga amaliy yechim topish hamda ishni yanada takomillashtirish bo‘yicha uslubiy ko‘mak berishdan iborat bo‘ldi.

O‘rganish jarayonida fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish holati, iste’molchilarga huquqiy maslahatlar berish, aholi o‘rtasida qonunchilik targ‘ibotini tashkil etish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik va ijro intizomi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Hududiy birlashma mas’ullari tomonidan murojaatlarni tezkor va sifatli o‘rganish, har bir holatga qonunchilik talablari asosida yondashish, iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish hamda amalga oshirilgan ishlar natijadorligini oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, aholining huquqiy ongi va iste’mol madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini ko‘paytirish, fuqarolar bilan ochiq muloqotlarni kengaytirish, axborot texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ekani ta’kidlandi.

Tashrif davomida hududiy birlashma raisi Ahrorjon Raxmonaliev tuman jamiyati xodimlariga faoliyatni yanada yaxshilash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan unumli foydalanish bo‘yicha amaliy va uslubiy ko‘rsatmalar berdi.

Tashrif yakunida Beshariq tuman jamiyati faoliyati samaradorligini yanada oshirish, Federatsiya tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash va iste’molchilarning qonuniy huquq hamda manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Post Comment