Davlat tibbiyot muassasalarida jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va ochiqligini baholash, bemorlar manfaatlarini himoya qilish hamda tibbiyot muassasalarida amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishini jamoatchilik nazorati asosida o‘rganish maqsadida respublika bo‘ylab keng ko‘lamli monitoring tadbirlari davom ettirilmoqda.
Federatsiya raisi tomonidan tasdiqlangan tegishli buyruqqa muvofiq joriy yilning iyun’–avgust oylarida davlat tibbiyot muassasalarida o‘tkazilayotgan jamoatchilik monitoringlari doirasida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasining ishchi guruhi tomonidan Qo‘shtepa tumanidagi davlat tibbiyot muassasalarida ham jamoatchilik nazorati tadbirlari tashkil etildi.
Monitoringning asosiy maqsadi tibbiyot muassasalarida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va shaffofligini, dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni tayinlash va realizasiya qilish jarayonlarida qonunchilik talablariga rioya etilishini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida bemorlarning tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan ilk daqiqasidan boshlab ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar kompleks tarzda baholandi. Jumladan, bemorlarni qabul qilish va navbat tizimi, shifokorlar faoliyatining tashkil etilishi, pullik va bepul tibbiy xizmatlar haqida axborot berish tartibi, to‘lovlarni amalga oshirish jarayoni, xodimlarning muomala madaniyati hamda murojaat va shikoyatlarni qabul qilish mexanizmlari o‘rganildi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, homilador ayollar va bolalar uchun yaratilgan qulayliklar, ularning tibbiy xizmatlardan to‘laqonli foydalanish imkoniyatlari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Monitoring davomida bemorlarning o‘z huquqlaridan qay darajada xabardorligi, ularga sog‘lig‘i holati, tashxisi va davolash usullari bo‘yicha yetarli ma’lumot berilishi, tibbiy aralashuv uchun rozilik olish tartibi, shaxsiy ma’lumotlar va tibbiy sirning daxlsizligi hamda shikoyat qilish mexanizmlarining amaldagi holati ham tahlil qilindi.
Bundan tashqari, dori vositalarini tayinlash va reseptlarni rasmiylashtirish amaliyoti, xalqaro patentlanmagan nom bo‘yicha dori tavsiya etilishi, elektron resept tizimidan foydalanish hamda bemorlarga dori vositalarini qabul qilish tartibi yuzasidan tushuntirishlar berilishi o‘rganildi. Shu bilan birga, shifokorlar tomonidan muayyan dorixona yoki muayyan savdo belgisiga ega dori vositalarini tavsiya qilish holatlariga ham e’tibor qaratildi.
Jamoatchilik nazorati doirasida tibbiyot muassasalarining sanitariya-gigiena holati ham atroflicha ko‘zdan kechirildi. Xususan, palatalar, yo‘laklar, qabulxonalar, hojatxona va yuvinish xonalarining tozaligi, ichimlik suvi va gigiena vositalari bilan ta’minlanganligi, tibbiy chiqindilarni utilizasiya qilish tartibi, dezinfeksiya ishlari hamda hudud obodonchiligi baholandi.
Shuningdek, stasionar bo‘limlarda bemorlarning ovqatlanish sharoitlari, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, parhez taomlar bilan ta’minlanishi, oshxona va ovqat tarqatish joylarining sanitariya holati, shuningdek, krovat, choyshab, issiq va sovuq suv, isitish-sovitish tizimlari, kutish zallari hamda evakuasiya yo‘laklarining holati ham monitoring dasturi asosida o‘rganildi.
Monitoring yakunida to‘plangan ma’lumotlar tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat organlari hamda mutasaddi tashkilotlarga asoslangan takliflar kiritilishi rejalashtirilgan.
Jamoatchilik monitoringining bosh maqsadi nazorat o‘tkazish emas, balki tibbiyot muassasalarida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni yanada sifatli, shaffof, xavfsiz va qulay tashkil etishga jamoatchilik nazorati orqali amaliy ko‘mak berishdan iborat.



Post Comment