Radarlar to‘g‘risida ayrim narsalarni bilib oling

Radarlar to‘g‘risida ayrim narsalarni bilib oling

«Siz ham fotoradarlar qaerga o‘rnatilishini bilishni istaysizmi?». Unda quyidagi matn va videoni bilan tanishing hamda bu boradagi savollarga javob oling.

Fuqarolik jamiyati institutlarining eng muhim vazifalaridan biri — davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va aholini qiziqtirayotgan masalalarga rasmiy javob olishdir.

Ana shu maqsadda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonun asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga rasmiy jamoatchilik so‘rovi kiritildi.

So‘rovda fuqarolar tomonidan eng ko‘p berilayotgan savollar o‘rin oldi. Jumladan, fotoradarlar qaerga va qanday tartibda o‘rnatiladi, ular haqidagi ma’lumotlar qaerda e’lon qilinadi, «Radar» belgisi qaysi masofada o‘rnatilishi kerak, jarima ballari qanday tekshiriladi va qarorlar ustidan qanday shikoyat qilish mumkin, kabi masalalarga huquqiy asoslangan tushuntirishlar so‘raldi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ushbu savollarning barchasiga rasmiy javob taqdim etildi.

Ma’lum qilinishicha, respublika bo‘ylab o‘rnatilgan foto va video qayd etish qurilmalari haqidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portalida muntazam e’lon qilib boriladi. Fuqarolar har bir kameraning joylashgan manzili va qaysi turdagi qoidabuzarliklarni qayd etishi bilan tanishishlari mumkin.

Yana bir muhim yangilik — 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qiluvchi har qanday stasionar yoki mobil radardan 250 metrdan 500 metrgacha oldin «Radar» yo‘l belgisi o‘rnatilishi shart.

Rasmiy javobda fotoradarlar tasodifan emas, balki yo‘l-transport hodisalari tahlili, harakat intensivligi, aholi murojaatlari va boshqa muhim omillar asosida joylashtirilishi ham qayd etildi.

Shuningdek, haydovchilar o‘zlariga hisoblangan jarima ballarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Saferoad YHXX» mobil ilovasi orqali mustaqil tekshirishlari mumkinligi ma’lum qilindi.

Agar transport vositasini boshqa shaxs boshqargan bo‘lsa, javobgarlikni rasmiy tartibda boshqa haydovchiga o‘tkazish xizmati ham ishga tushirilgan.

Qolaversa, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun chiqarilgan qarordan norozi bo‘lgan fuqarolar belgilangan tartibda elektron shaklda yoki hududiy YHXX bo‘linmalariga murojaat qilish orqali shikoyat berish huquqiga ega.

Eng muhimi, ushbu jamoatchilik so‘rovi natijasida aholini qiziqtirayotgan dolzarb savollarga davlat organining rasmiy munosabati olindi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi kelgusida ham jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan samarali foydalangan holda davlat organlari bilan ochiq muloqotni rivojlantirish, iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan ishlarini izchil davom ettiradi.

Huquqingizni biling. Rasmiy ma’lumotga tayaning. Jamoatchilik nazorati esa ochiqlik va shaffoflikning muhim kafolatidir.

Post Comment