To‘y va marosimlar xizmati: iste’molchilar huquqi – ustuvor vazifa

To‘y va marosimlar xizmati: iste’molchilar huquqi – ustuvor vazifa

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan viloyat miqyosida to‘y va marosimlar industriyasi sub’ektlari faoliyati bo‘yicha keng qamrovli jamoatchilik monitoringi o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi bazmgohlar, to‘yxonalar, kelin liboslari salonlari, foto va videostudiyalar hamda boshqa shu turdagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning qonuniyligi, sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etilishi hamda iste’molchilar huquqlarining ta’minlanishini o‘rganishdan iborat.

Rishton tumani

Tumanda olib borilayotgan o‘rganishlar jarayonida hududdagi to‘y industriyasi bilan bog‘liq sub’ektlarning faoliyati tahlil qilinmoqda. Xususan, tumandagi tadbirkorlar tomonidan mijozlar bilan yozma shartnomalar tuzish tartibi, xizmat narxlarining ochiqligi hamda to‘yxonalarda sanitariya me’yorlariga rioya qilinish holatlari o‘rganilmoqda. Ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tadbirkorlarga huquqiy tushuntirishlar berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmoqda.

Dang‘ara tumani

Mazkur hududda ham asosiy e’tibor bazmgohlar, to‘yxonalar faoliyati, shuningdek ular bilan bog‘liq holda faoliyat olib boruvchi kelin liboslari salonlari va foto-video studiyalar faoliyatiga qaratilgan. O‘rganishlar davomida ushbu sohada faoliyat yuritayotgan sub’ektlarning davlat ro‘yxatidan o‘tganlik holati va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifat standartlariga mosligi o‘rganilmoqda. Ayniqsa, to‘lovlarni amalga oshirishda onlayn-kassa cheklarining berilishi va iste’molchilarning e’tirozlarini hal etish tizimi (shikoyatlar kitobi) mavjudligi alohida nazoratga olingan.

Umuman olganda, Farg‘ona viloyatida o‘tkazilayotgan ushbu monitoring tadbirlari to‘y va marosimlar industriyasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik sub’ektlarining mas’uliyatini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli davlat organlariga takliflar kiritiladi va sohadagi tizimli muammolarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Hurmatli iste’molchilar! Agar Siz xizmatlardan foydalanish jarayonida huquqlaringiz buzilishi holatlariga duch kelsangiz, Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin. Shuningdek, telefon brauzeri oynasiga murojaat.istemol.uz manzilini terib, elektron shaklda ham o‘z murojaatlaringizni yuborishingiz mumkin.

Post Comment