Va’da qilingan xizmat o‘z vaqtida ko‘rsatilmasa…

Va’da qilingan xizmat o‘z vaqtida ko‘rsatilmasa…

Bag‘dod tumani Ittifoq MFY hududida yashovchi fuqaro D.A. uy tozalash xizmatidan foydalanish va gilamlarni yuvdirish maqsadida tuman markazida faoliyat yurituvchi uy tozalash xizmatidan foydalanadi. Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro 7 sentyabr kuni mazkur xizmatga murojaat qilgan. Biroq xizmat ko‘rsatuvchi tomon o‘sha kuni gilamlarni yuvmagani, boshqa kuni bajarib berishini bildirgan. Ammo oradan vaqt o‘tsa-da, va’da qilingan xizmat amalga oshirilmagan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro 18 sentyabr kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining ishonch telefoni orqali og‘zaki murojaat qilgan. Bag‘dod tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari murojaatni o‘rganish jarayonida fuqaro ishtirokida holatga oydinlik kiritganlar. O‘rganish davomida gilam yuvish xizmati belgilangan vaqtda ko‘rsatilmagani tasdiqlangan.

Murojaat natijasida muammo o‘z yechimini topdi: fuqaroning yashash xonadonidagi jihozlar gilamlar bilan birga tozalanib, iste’molchiga topshirildi. Shu bilan birga, tuman jamiyati tomonidan murojaat yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha fuqaroga javob xati yuborilib, murojaat nazoratdan olindi.

Ushbu holat iste’molchilar uchun oddiy, ammo muhim bir jihatni eslatadi: xizmatga buyurtma berishda uning turi, hajmi va bajarilish muddatini aniq belgilab olish kerak. Agar xizmat ko‘rsatuvchi belgilangan kelishuvga amal qilmasa, iste’molchi o‘z e’tirozini bildirish va huquqlarini himoya qilish uchun tegishli tartibda murojaat qilish huquqiga ega.

Mazkur voqeada ham iste’molchining murojaati e’tiborsiz qolmadi. Masala o‘rganilib, xizmat amalda bajarilishi ta’minlandi. Bu esa o‘z huquqini bilgan va uni himoya qilish uchun murojaat qilgan iste’molchining muammosi yechimsiz qolib ketmasligini yana bir bor ko‘rsatadi.

Post Comment