«Lotereya» o‘rniga shartnomalar: «lototron» savdosi sxemasi
Maishiy texnika bilan shug‘ullanuvchi ayrim sotuvchilar tomonidan turli marketing usullaridan foydalangan holda ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, xodimlarga tovarlar realizasiya qilish holatlari kuzatilmoqda. Sxema quyidagicha ko‘rinishga ega: maktab yoki oliy ta’lim muassasasiga «kompaniya vakili» (ko‘pincha o‘zini tadbirkor yoki «kredit dasturlarini ro‘yxatga oluvchi» deb tanishtiruvchi shaxs) keladi, interaktiv o‘yin («Siz — lotereya g‘olibisiz!») o‘tkazadi va kimgadir tantanali ravishda sovg‘a — masalan, muzlatkich yoki televizor taqdim etadi. Shu bilan birga, aksiya ishtirokchilarini «g‘olib» nomiga qo‘shimcha maishiy texnikalarni kreditga rasmiylashtirishga ishontirishadi. Ko‘pincha «g‘olib»ning hamkasblariga ham uning nomiga tovarlarni kreditga rasmiylashtirishga «majburlashadi». Natijada rasmiy jihatdan barcha xarid qilingan tovarlar bir nafar jismoniy shaxs nomida qayd etiladi, kreditni to‘lash vaqti kelganda esa aksiya ishtirokchilari o‘rtasida turli tushunmovchiliklar, nizolar va mojarolar kelib chiqish holatlari mavjud.

Bunday marketing usuli savdo va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning asosiy qoidalarini buzadi. «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun sotuvchini (tashkilot yoki tadbirkorni) tovar va sotuvchi haqida haqqoniy hamda to‘liq ma’lumot taqdim etishga majburlaydi. Bayon etilgan holatda xaridorlar chalg‘itilmoqda: «lotereya» oddiy tovar oldi-sotdisini niqoblaydi. Bunda bitimning haqiqiy shartlari oldindan tushuntirilmaydi. Bundan tashqari, sovg‘a berishning o‘zi ham tovar sotish bilan bog‘liq ekanligi haqida to‘liq kelishilmaydi: odatda tovar «sovg‘a» sifatida odamlarni jalb qilish va ularni kredit hujjatlarini imzolashga undash maqsadida taqdim etiladi. Bunday harakatlar yolg‘on reklama va iste’molchini aldash tushunchalariga mos kelishi mumkin.
Qonunga ko‘ra, agar iste’molchi olingan noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumot tufayli tovar sotib olgan bo‘lsa, u shartnomani bekor qilish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega. Mazkur holatda tovarni xarid qilish haqidagi «shartnoma» aslida o‘yin niqobi ostida tuzilgan bo‘lib, xaridor o‘z roziligini ongli ravishda bermagani sababli uni haqiqiy emas deb hisoblashi mumkin. Bundan tashqari, qonun yolg‘on reklama oqibatida xaridorga zarar yetkazilgan bo‘lsa, sotuvchi uni to‘liq qoplashi shartligini ham nazarda tutadi. Boshqacha aytganda, agar «lotereya» aldov vositasi bo‘lib chiqsa, aybdor shaxs — sotuvchi yoki uning vakili — jabrlanganlarga yetkazilgan barcha zararlarni qoplashi lozim.
Nihoyat, shuni yodda tutish muhimki, qonunga ko‘ra, iste’molchi nafaqat tovar haqida, balki xarid shartlari (narxi, kredit muddati, kimning nomiga rasmiylashtirilishi, to‘lovni kim amalga oshirishi) haqida ham to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega. Agar sotuvchi bu ma’lumotlarni bermasa yoki iste’molchini chalg‘itsa, bu huquqbuzarlik hisoblanishi mumkin.
Bunday «lotereyali» marketing aksiyalari tovarlarni sotishning qonuniy usuli hisoblanmaydi. Iste’molchilar juda ehtiyotkor bo‘lishlari lozim. Xo‘sh, bunday holatlarda iste’molchilar nimalarga e’tibor qaratishlari muhim?
Hujjatlarni tekshiring. Hech qanday holatda «sovg‘a» olayotgan paytingizda kredit shartnomalarini darhol imzolamang. «Rasmiylashtirish» tugmasini bosishdan oldin hujjatlar bilan tanishib chiqish uchun vaqt talab qiling.
Ma’lumotlarni qayd etib boring. Agar aksiya ta’lim muassasasi ma’muriyatini oldindan xabardor qilmasdan yoki tegishli ma’lumotlarsiz o‘tkazilgan bo‘lsa, foto va videolar oling — bu vijdonsiz reklamaga qarshi dalil bo‘lishi mumkin.
Oldindan maslahat oling. Sotuvchi (o‘yin tashkilotchisi) bunday tadbirlarni o‘tkazish va ta’lim muassasasida tovar sotish uchun tegishli ruxsatga ega yoki ega emasligini aniqlang.
Davlat organlariga xabar bering. Agar aksiyalar muntazam ravishda va nazoratsiz o‘tkazilayotgan bo‘lsa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organlariga yoki maktab ma’muriyatiga murojaat qilish kerak.
Shu bois, «lotereya» niqobi ostida taklif etilayotgan «sovrinli» xaridlarga ishonishdan oldin barcha shartlarni sinchiklab tekshirish zarur. Chunki bunday aksiyalar iste’molchini kutilmagan kredit majburiyatlariga olib kelishi mumkin. Aldov yoki chalg‘itish holati aniqlangan taqdirda esa iste’molchi qonunchilikda belgilangan huquqiy himoya vositalaridan foydalanib, o‘z mablag‘larini qaytarish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishi mumkin.



Post Comment