Suyultirilgan gaz ta’minoti korxonalarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha jamlama tahliliy ma’lumot
Hududiy birlashma tomonidan aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish sifati, iste’molchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, gaz ballonlarining texnik holati, hisob-kitoblar, shartnomaviy munosabatlar, xavfsizlik va murojaatlar bilan ishlash holati o‘rganildi.
O‘rganish natijalari suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida asosiy tashkiliy mexanizmlar shakllanganini ko‘rsatsa-da, gazni belgilangan grafik asosida o‘z vaqtida yetkazib berish, iste’molchilarni oldindan xabardor qilish, ballonlar texnik holatiga oid hujjatlarni yuritish va iste’molchilarga to‘liq axborot berish masalalarida ayrim kamchiliklar mavjud.
1. Iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish va axborot ochiqligi
Deyarli barcha hududlarda iste’molchilarni qabul qilish uchun alohida joy, kutish joyi, qabul kunlari va vaqti hamda murojaat kanallari mavjud.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tumanida qabul kunlari va vaqti ochiq ko‘rsatilmagan. Iste’molchilar huquqlari haqida axborot stendi Quva, Oltiariq va Bag‘dod tumanlarida mavjud emas.
Nogironligi bo‘lgan va harakatlanishi cheklangan shaxslar uchun xizmatdan foydalanish imkoniyati Qo‘qon shahri va Quva, Oltiariq, Bag‘dod tumanlarida mavjud emas, Farg‘ona tumanida esa qisman yaratilgan.
2. Gaz yetkazib berish grafigi va kechikishlar
Ushbu yo‘nalishdagi holat o‘rganishning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘ldi.
14 ta hududning 12 tasida gaz yetkazib berishda kechikish holatlari mavjudligi qayd etilgan. Faqat Toshloq va Uchko‘prik tumanlarida bu borada muammo qayd etilmagan.
Grafikni iste’molchilarga oldindan yetkazish bo‘yicha Marg‘ilon shahri, Qo‘shtepa tumanida qisman, Farg‘ona, Quva, Bag‘dod va O‘zbekiston tumanlarida esa yo‘lga qo‘yilmagan.
Amalda belgilangan grafikka rioya qilish bo‘yicha Farg‘ona va Quva tumanlarida «deyarli yo‘q», Qo‘shtepa va Oltiariq tumanlarida «ba’zan», Marg‘ilon, Yozyovon va Rishton tumanlarida esa «ko‘pincha» ko‘rsatkichi qayd etilgan.
Bu holat suyultirilgan gaz ta’minotida grafikning mavjudligi bilan uning amalda bajarilishi o‘rtasida farq borligini ko‘rsatadi.
3. Iste’molchilar murojaatlari va asosiy muammolar
So‘rovnoma natijasida 14 ta hududdan 11 tasida so‘nggi uch oyda suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha iste’molchilar shikoyatlari tushgani ko‘rsatilgan.
Eng ko‘p qayd etilgan muammo — gazning o‘z vaqtida yetkazib berilmasligi. Bu holat Qo‘qon shahri, Marg‘ilon, Farg‘ona, Quva, Yozyovon, Toshloq, Qo‘shtepa, Oltiariq, Rishton, Uchko‘prik va Beshariq kabi hududlarda turli ko‘rinishda qayd etilgan.
Alohida holatlarda:
• Oltiariq tumanida mahsulotni o‘z vaqtida yetkazib bermaslik;
• Rishton tumanida gaz kechikishi va qo‘shimcha ballonga ehtiyoj;
• O‘zbekiston tumanida qo‘shimcha ballon olish masalasi;
• Marg‘ilon shahrida gaz yetkazib berishda uzilishlar mavjudligi ko‘rsatilgan.
4. Gaz ballonlarining texnik holati
Ballonlarning texnik holatini nazorat qilish, tashqi ko‘rinishini tekshirish va yaroqsiz ballonlardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha holat asosan ijobiy.
Biroq Bag‘dod tumanida ballonlarning texnik holatini nazorat qilish va tashqi holatini tekshirish bo‘yicha kamchiliklar qayd etilgan.
Ballonlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish hujjatlari Marg‘ilon shahri, Oltiariq va Beshariq tumanlarida, ballonlar texnik holatini nazorat qilish hujjatlari esa Farg‘ona tumanida mavjud emasligi ko‘rsatilgan.
5. Hisob-kitoblar va to‘lovlar
Suyultirilgan gaz miqdorini aniqlash, o‘lchov vositalaridan foydalanish va iste’molchiga yetkazib berilgan gaz miqdori haqida ma’lumot berish masalalarida umumiy holat ijobiy.
Biroq o‘lchov vositalarining qiyoslovdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar Qo‘qon shahri, Farg‘ona va O‘zbekiston tumanlarida mavjud emas.
To‘lovni tasdiqlovchi hujjatlar bo‘yicha Marg‘ilon, Farg‘ona, Qo‘shtepa va Oltiariq tumanlarida chek berilmasligi, Uchko‘prik tumanida esa chekning ba’zan berilishi qayd etilgan.
6. Shartnoma va iste’molchilar huquqlarini tushuntirish
Iste’molchilar bilan suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilishi deyarli barcha hududlarda yo‘lga qo‘yilgan.
Farg‘ona tumanida esa iste’molchiga shartnoma nusxasi berilmasligi, shartnoma shartlari va iste’molchining huquq-mazburiyatlarini tushuntirish bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar qayd etilgan.
Shuningdek, gaz yetkazib berishdagi uzilish va kechikishlarga oid shartnoma tartibi Qo‘qon shahri, Farg‘ona va Qo‘shtepa tumanlarida iste’molchiga to‘liq tushuntirilmagan.
7. Xavfsizlik va profilaktika ishlari
Gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanish, gaz sizib chiqishi holatida qaerga murojaat qilish va avariyaviy holatlarda tezkor chora ko‘rish mexanizmlari asosan barcha hududlarda mavjud.
Biroq gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar Farg‘ona tumanida berilmasligi, Uchko‘prik tumanida esa bunday tushuntirishlar ba’zan o‘tkazilishi qayd etilgan.
Profilaktik targ‘ibot materiallari Qo‘qon shahri va Farg‘ona tumanida mavjud emas.
8. Murojaatlar bilan ishlash
Murojaatlarni qayd etish, belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish va natijasini iste’molchiga ma’lum qilish tizimi aksariyat hududlarda mavjud.
Biroq O‘zbekiston tumanida murojaatlarni qayd etish jurnali, Farg‘ona tumanida esa murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish bo‘yicha kamchilik qayd etilgan.
Gaz ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha murojaatlarni alohida tahlil qilish mexanizmi Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona hududlarida to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan.
Xulosa
Umuman, o‘rganish natijalari suyultirilgan gaz ta’minoti sohasida iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishning asosiy tashkiliy mexanizmlari shakllanganini ko‘rsatadi. Biroq eng jiddiy muammo — gaz ballonlarining aholiga belgilangan grafik asosida va o‘z vaqtida yetkazib berilishi bilan bog‘liq.
Shuningdek, iste’molchilarni grafik va kechikishlar haqida oldindan xabardor qilish, chek berish, ballonlar texnik ko‘rigiga oid hujjatlarni to‘liq yuritish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoit yaratish va iste’molchilarga huquqiy hamda xavfsizlikka oid axborotlarni ochiq taqdim etish yo‘nalishlarida aniq chora-tadbirlar ko‘rish maqsadga muvofiq.
Ayniqsa, Farg‘ona, Quva, Qo‘shtepa, Oltiariq, Bag‘dod va O‘zbekiston tumanlarida aniqlangan bir nechta kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, gaz yetkazib berishdagi kechikishlarning sabablarini o‘rganish hamda aholi shikoyatlarini hududlar kesimida muntazam tahlil qilib borish maqsadga muvofiq.



Post Comment