Ichimlik suvi ta’minoti korxonalarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha jamlama tahliliy ma’lumot
Hududiy birlashma tomonidan kommunal xizmatlar sohasida iste’molchilar huquqlarining ta’minlanishi, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati va ochiqligi holatini o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyatidagi ichimlik suvi ta’minoti korxonalari faoliyati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, aksariyat hududlarda iste’molchilarni qabul qilish uchun maxsus joylar, o‘tirish joylari, ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari ko‘rsatish qoidalari, tariflar hamda to‘lov tartibi haqida ma’lumotlar mavjudligi, suv hisoblagichlarini o‘rnatish, plombalash va dalolatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari yo‘lga qo‘yilgani aniqlangan.
Shu bilan birga, ayrim tuman va shaharlarda iste’molchilarga axborot berish, murojaatlar bilan ishlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratish hamda iste’molchilar huquqlariga oid ma’lumotlarni ochiqlashtirish bo‘yicha kamchiliklar mavjud.
1. Iste’molchilarga axborot berish va qabul qilish sharoitlari
Qo‘qon shahri va Yozyovon tumanida iste’molchilarni qabul qilish vaqti hamda mas’ul xodimlar haqida ma’lumotlarning mavjud emasligi qayd etilgan.
Murojaat qilish tartibi Qo‘qon shahri, Farg‘ona va Yozyovon tumanlarida ko‘rsatilmagan.
Ishonch telefoni mavjudligi bo‘yicha Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida kamchilik aniqlangan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tegishli sharoitlar Farg‘ona shahri, Yozyovon, Qo‘shtepa va O‘zbekiston tumanlarida mavjud emasligi qayd etilgan.
2. Iste’molchilar huquqlari haqida xabardorlik
O‘rganishda e’tiborli jihatlardan biri — «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun haqida ma’lumot mavjudligi bilan bog‘liq holatdir.
Mazkur talab Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari, Farg‘ona, Quva, Yozyovon hamda Uchko‘prik tumanlarida ta’minlanmagan.
Shuningdek, iste’molchiga xizmatning sifati va parametrlari haqida ma’lumot berish bo‘yicha Qo‘qon shahri, Quva va Yozyovon tumanlarida kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.
3. Ichimlik suvi sifati va ta’minoti uzluksizligi
Suv sifatiga oid ma’lumotlarni iste’molchilarga taqdim etish masalasida Yozyovon tumanida kamchilik qayd etilgan.
Suv ta’minotidagi uzilishlarni qayd etish tizimi ham Yozyovon tumanida to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan.
Rejali ta’mirlash ishlari haqida aholini oldindan xabardor qilish hamda uzilishlar davomiyligini hisobga olish bo‘yicha O‘zbekiston tumanida kamchiliklar mavjud.
Avariya holatlarida iste’molchilarni xabardor qilish mexanizmi Qo‘qon shahrida, zarur hollarda muqobil suv yetkazib berish choralari esa Farg‘ona shahrida mavjud emasligi ko‘rsatilgan.
4. Oqova suv xizmatlari
Oqova suv tizimidagi avariyalar, tarmoqdagi tiqilishlar bo‘yicha murojaatlarni bartaraf etish va oqova suv xizmatlari uchun hisob-kitoblarni alohida yuritish masalalari bo‘yicha Uchko‘prik va O‘zbekiston tumanlarida ayrim savollarga javob berilmagan.
Oqova suv chiqindilarining ko‘cha yoki aholi yashash hududiga chiqib ketishi holatlarini tahlil qilish bo‘yicha esa Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida kamchilik aniqlangan.
5. Murojaatlar bilan ishlash
Murojaatlarni qayd etish tizimi hamda murojaatlarga javob berish muddatlarini nazorat qilish bo‘yicha Yozyovon tumanida kamchiliklar qayd etilgan.
Qayta murojaatlarni tahlil qilish tizimi esa Qo‘qon shahrida mavjud emasligi ko‘rsatilgan.
Tuman va shaharlar kesimida umumiy holat
O‘rganish natijalarida nisbatan yaxshi ko‘rsatkichlar Toshloq, Oltiariq, Rishton, Bag‘dod, Dang‘ara va Beshariq tumanlarida qayd etilgan bo‘lib, jadvaldagi savollar bo‘yicha «yo‘q» javoblari aniqlanmagan.
Marg‘ilon shahrida — 1 ta, Qo‘shtepa tumanida — 1 ta, Uchko‘prik tumanida — 1 ta aniq kamchilik qayd etilgan.
Farg‘ona tumani va Quva tumanida 2 tadan, O‘zbekiston tumanida 3 ta, Farg‘ona shahrida 4 ta kamchilik aniqlangan.
Eng ko‘p kamchiliklar Qo‘qon shahrida — 9 ta va Yozyovon tumanida — 10 ta savol bo‘yicha qayd etilgan.
Xulosa
Umuman, o‘rganish natijalari ichimlik suvi ta’minoti sohasida iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishning asosiy tashkiliy mexanizmlari aksariyat hududlarda shakllanganini ko‘rsatmoqda. Biroq iste’molchilarga axborot berish, murojaatlar bilan ishlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoit yaratish, suv ta’minotidagi uzilishlar haqida oldindan xabardor qilish va iste’molchilar huquqlariga oid ma’lumotlarni ochiq joylashtirish yo‘nalishlarida ayrim tizimli kamchiliklar mavjud.
Ayniqsa, Yozyovon tumani va Qo‘qon shahrida aniqlangan kamchiliklar kompleks ravishda tahlil qilinib, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va axborot ochiqligini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilash maqsadga muvofiq.
Shuningdek, o‘rganishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda kommunal xizmatlar sohasida ochiqlik va javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan tegishli tashkilotlarga takliflar kiritish maqsadga muvofiq.



Post Comment