Xarid qilingan avtomobildagi nuqsonlar kafolat asosida bepul bartaraf etildi

Xarid qilingan avtomobildagi nuqsonlar kafolat asosida bepul bartaraf etildi

Yangi avtomobil xarid qilgan iste’molchi undan, avvalo, sifatli va texnik jihatdan soz holda foydalanishni kutadi. Biroq Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro N.P. 2026 yil 3 sentyabr kuni kredit shartlarida 344 million 900 ming so‘mga xarid qilgan CHERY 7 Pro Premium rusumli avtomobilida qisqa vaqt ichida turli texnik muammolar kuzatilgani sababli iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.

Murojaatda avtomobil harakatlanayotganda tebranish va silkinishlar kuzatilgani, shuningdek, tormoz tizimi bilan bog‘liq muammolar mavjudligi bildirilgan. Iste’molchi avtomobil’ bilan bir necha bor servis xizmatiga murojaat qilgan bo‘lsa-da, muammo to‘liq bartaraf etilmaganidan norozi bo‘lgan. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan holat o‘rganilib, rasmiy dilerga tegishli murojaat yo‘llandi.

Masala jamiyat mutaxassislari, iste’molchi va avtosalon vakillari ishtirokida o‘rganildi. Avtomobil rasmiy servis markazida diagnostikadan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida aniqlangan nuqsonlar kafolat shartlari asosida iste’molchidan hech qanday qo‘shimcha haq undirilmagan holda bepul bartaraf etildi. Shu tariqa fuqaroning avtomobil sifati va kafolat xizmati bilan bog‘liq murojaati amaliy yechimini topdi.

Mazkur holat qimmatbaho texnika va avtomobil’ xarid qilayotgan iste’molchilar uchun muhim saboq bo‘la oladi. Yangi tovarda nuqson aniqlansa, iste’molchi muammoni e’tiborsiz qoldirmasligi, sotuvchi yoki rasmiy servis markaziga murojaat qilishi va murojaatini tasdiqlovchi hujjatlarni saqlab borishi maqsadga muvofiq. Ayniqsa, shartnoma, kafolat taloni, servis markaziga murojaatlar va diagnostika natijalari keyinchalik iste’molchining huquqlarini himoya qilishda muhim dalil bo‘lishi mumkin.

Post Comment