Korrupsiyaga qarshi kurash ishida fuqarolik jamiyati vakillarining ishtiroki yuzasidan amaliy seminar o‘tkazildi
Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish faqat davlat idoralarining vazifasi emas. Bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtiroki ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Farg‘ona shahrida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.
Tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda «Transparency International Latvia» vakillari ishtirokida o‘tkazilib, unda korrupsiyaning oldini olishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiq ma’lumotlardan samarali foydalanish va xalqaro tajribani milliy amaliyotga tatbiq etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Seminar davomida ishtirokchilar uchun korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari bo‘yicha fikr va tajriba almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jamoatchilik kengashi raisi Foziljon Otaxonov, «Transparency International Latvia» vakili Arturs Bikovs hamda «Transparency International Kyrgyzstan» vakili Aygul Akmatjanova ekspert sifatida ishtirok etib, NNTlarning ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlari haqida ma’lumot berdilar.
Xususan, O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlaridagi ishtiroki, jamoatchilik monitoringini tashkil etish usullari hamda ochiq ma’lumotlar asosida asoslangan xulosalar shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Bu jarayonda oddiy ma’lumotni yig‘ishning o‘zi yetarli emasligi, uni tahlil qilish, solishtirish va asoslangan xulosa chiqarish jamoatchilik monitoringining muhim bosqichlari ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarda korrupsiyaga qarshi kurashishning xalqaro standartlari, muqobil hisobotlar tayyorlash va NNTlarning ushbu jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Ayniqsa, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan fuqarolik hamda muqobil baholashlarni tayyorlash tajribasi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Xalqaro tajribani o‘rganishdan asosiy maqsad — xorijiy amaliyotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish emas, balki samarali mexanizmlarni mahalliy sharoitga moslashtirish va jamoatchilik nazorati imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Trening shaklida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilarga nazariy ma’lumotlar bilan bir qatorda amaliy yondashuvlarni ham o‘zlashtirish imkonini berdi.
Ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyatining o‘rni, jamoatchilik monitoringini samarali tashkil etish, ochiq ma’lumotlar bilan ishlash hamda xalqaro tajribadan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar.
Bunday muloqotlar NNTlar o‘rtasida tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini rivojlantirish uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.
Tadbir yakunida «Transparency International Latvia» direktorining o‘rinbosari Agniya Birule tomonidan seminar ishtirokchilariga xalqaro sertifikatlar topshirildi.
E’tiborlisi, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat, jamiyat va fuqarolik institutlarining hamjihatligi qanchalik kuchli bo‘lsa, jamoatchilik nazorati ham shunchalik samarali bo‘ladi.



Post Comment