Uch oylik ovoragarchiliklar barham topdi
Marg`ilon shahar Zuhro mahallasida yashovchi fuqaro А.Аbdullaev O`zbekiston Respublikasi Prezidentining veb saytiga qilgan elektron murojaatida shaharda joylashgan Oygul savdo majmuasi ichidagi “777” telefon ustaxonasiga FLO IQ 4504 rusumli uyali telefoni displeyini taʼmirlatish uchun topshirganligi, lekin telefon taʼmirlab berilgandan so`ng uning ekranida dog` paydo bo`lib qolganligi, bu haqda ustaga murojaat qilsa “Hozir ehtiyot qism yo`q, keyinroq taʼmirlab beraman”, deb ishni paysalga solib kelayotganligidan shikoyat qilgan.
Murojaatni o`rganish davomida, yuqoridagi sabab bilan isteʼmolchining murojaatlari uch oydan buyon qanoatlantirilmasdan kelayotganligi maʼlum bo`ldi. Аmaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 19-moddasiga ko`ra, ijrochi ishni bajarish davomida jiddiy nuqsonlarga yo`l qo`ygan bo`lsa, isteʼmolchi nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko`rilgan zarar to`liq qoplanishini talab qilishga haqliligi belgilab qo`yilgan. Isteʼmolchi yuqoridagi huquqlarga kafolat muddati davomida, kafolat muddati bo`lmagan taqdirda esa, ish qabul qilib olingan kundan eʼtiboran olti oy davomida ega bo`ladi. Bajarilgan ishdagi nuqsonlar esa, agar shartnomada birmuncha qisqaroq muddat belgilanmagan bo`lsa, isteʼmolchi talab qilgan kundan eʼtiboran yigirma kun ichida ijrochi tomonidan bartaraf etilishi lozim.
O`rganish ishlari davomida ustaxona bosh ustasi saʼy-harakatlari bilan zaruriy ehtiyot qism topib kelinib, telefonga o`rnatib berildi. U isteʼmolchidan keltirilgan noqulaylik uchun uzr so`rab, barcha sarf harajatlar ustaxona tomonidan qoplanishini bildirdi.
“Men 07.12.2019 yil kunida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining veb saytiga telefon ustaxonasi ustalarining sifatsiz xizmatlaridan norozi bo`lib shikoyat qilgan edim. Shikoyatim yuzasidan O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Marg`ilon shahar jamiyati ijro etuvchi apparati xodimlari o`rganuv ishlari o`tkazib, mening isteʼmolchi sifatidagi huquqlarimni tiklanishida amaliy yordam berdilar. Buning uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga xamda Federatsiya tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarga o`z minnatdorchiligimni bildiraman”, deydi isteʼmolchi shahar jamiyatiga bergan miinatdorchilik xatida.
Baxodirxon Usmonov
Marg`ilon shahar IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi
Post Comment