Maʼmuriy sud isteʼmolchi foydasiga hal qiluv qarori chiqardi

Maʼmuriy sud isteʼmolchi foydasiga hal qiluv qarori chiqardi

Isteʼmolchilarning o`z huquqlarini to`liq anglab yetayotganliklari, huquqiy bilim va isteʼmol madaniyatiga ega bo`layotganliklari, o`zlariga hamda atrofdagilarga nisbatan talabchan bo`lib borayotganliklari ularning o`z huquq va manfaatlarini himoya qilinishini so`rab turli idoralarga qilayotgan murojaatlarida ham aksini topmoqda. O`z o`rnida, fuqarolarning isteʼmolchilik huquq va manfaatlarini himoya qilinishini so`rab Federatsiya va uning hududiy organlariga qilayotgan murojaatlari qonunlarda belgilangan muddat va tartiblarda o`rganib chiqilib, ularga amaliy yordamlar ko`rsatib kelinayotganligini ham aytib o`tish o`rinlidir.
Birgina misol. Beshariq tumani Yangiqo`rgon qishlog`ida yashovchi fuqaro M.To`xtaboevaning xonadoniga tashrif buyurgan MIB tuman bo`limi xodimi tomonidan nazorat kunida 2387000 (ikki million uch yuz sakson yetti ming) so`m qarzdorlik mavjudligi bildirilib, qarzdorlikni 5 kun muddat ichida to`lashi lozimligi to`g`risida talabnoma topshirilgan hamda o`z muddatida to`lov amalga oshirilmasa elektr tarmog`idan uzib qo`yilishi to`g`risida ogohlantirish berilgan. Elektr energiyasi isteʼmoli bo`yicha qarzdor emasligiga ishongan xonadon sohibasi soha mutasaddilariga bu haqda tushuntirish berib, o`zining haqligini isbotlash yo`lida qilgan barcha saʼy-harakatlari esa besamar ketgan. Bir necha idoralarga murojaat qilib, masalasini hal qila olmagan isteʼmolchi tanish-bilishlarining tavsiyasiga asosan tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat bilan kelgan.
– Oilamiz bilan 3 oy 15 kun mobaynida elektr energiyasiz yashashga majbur bo`ldik. O`zimni nochor va ojiz sezib yurgan shu vaziyatda, tavsiyalarga asosan mendek o`z huquqlarini bilmaydigan, bunday sharoitda qanday yo`l tutishni anglay olmaydigan fuqarolarga tumanimizda yordam beradigan tashkilot borligini eshitib, bu ishni qonuniy yechimida yordam ko`rsatishlarini so`rab ularga murojaat qildim, – deydi
M.To`xtaboeva murojaatini o`rganish natijalari bo`yicha tuman jamiyatiga bergan minnatdorchilik xatida.

Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar natijasida murojaat egasining xonadonida foydalanishda bo`lgan SO 2M2 rusumdagi elektr hisoblagichning amaldagi ko`rsatkichlarini inkor qilgan holda, qo`shimcha ko`rsatkichlar kiritilib, ortiqcha qarzdorlik hisoblanish holatlari maʼlum bo`lgach, Beshariq tuman maʼmuriy sudiga davlat inspektorining 28.08.2019 yildagi 00777820-sonli talabnoma yuborish va 02.10.2019 yildagi MIB FV А-0001946-sonli dalolatnomani tuzishdan iborat harakatlarini qonunga xilof va haqiqiy emas deb topish yuzasidan daʼvo arizasi kiritildi.
Sud arizada keltirilgan holatlarni atroflicha o`rganib chiqib, MIB Beshariq tuman bo`limi xodimining 28.08.2019 yildagi 00777820-sonli talabnoma yuborish va 02.10.2019 yildagi MIB FV А-0001946-sonli dalolatnomani tuzishdan iborat harakatlarini qonunga xilof deb topdi.
Tomonlarga sudning hal qiluv qaroridan norozi bo`lgan taqdirda o`z qonuniy huquqlaridan foydalanish tartiblari tushuntirildi.
– Bu Prezidentimizning hamma narsa xalq manfaati uchun, davlat va jamiyatning barcha amalga oshirayotgan ishlari odamlarni rozi qilish uchun xizmat qilishi kerak degan purmaʼno so`zlarining isboti emasmi? Men amaldagi huquqlarimni himoya qilishda beminnat yordam ko`rsatgan tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga o`z minnatdorchiligimni izxor etaman, – deydi isteʼmolchi M.To`xtaboeva o`z minnatdorchilik xatini yakunlar ekan.

Xamidjon Аxmedov
Beshariq tuman IHHQJ ijro apparati raisi

Post Comment