Nuqsonli tovar yetti kunlik muddatda almashtirib beriladi
Furqat tumanida yashovchi fuqaro M.Xaydarova Qo`qon shahar isteʼmochilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatida yakka tartibdagi tadbirkor J.Rasulovdan sotib olgan «SAMSUHG» smart 43 rusumli televizori kafolat muddati ichida yaroqsiz holatga kelganligi, sotuvchi uning qonuniy talablariga quloq osmayotganligi, nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirilishida amaliy yordam ko`rsatilishini so`ragandi.
Isteʼmolchi murojaatida maʼlum qilishicha, u televizorni 2019 yilning 15 noyabr kuni Qo`qon shahar buyum bozoridan 2 600 000 (ikki million olti yuz ming) so`mga xarid qiladi. Lekin oradan ikki oy o`tib televizorda nuqsonlar yuzaga chiqadi. Isteʼmolchi bu haqda sotuvchiga murojaat qilganda, sotuvchi televizorning “platasi ketganligi”ni aytib, isteʼmolchiga bir muddat sabr qilib turishini, “zavoddan zapchasti kelsa” platasini boshka qo`yib berilishini, ungacha esa televizorni vaqtinchalik ko`rib turishi uchun taʼmirlab berilishini aytgan. Isteʼmolchi noiloj mazkur shartga rozi bo`lgan. “Vaqtinchalikka” deb tuzatib berilgan televizor 15 kungina ishlab, yana buzilib qoladi. Yana sotuvchi huzuriga kelgan isteʼmolchi bu safar nuqsonli tovarni lozim darajada taʼmirlanishini yoki almashtirilishi talabini qo`yadi, lekin sotuvchi har xil vajlar bilan xaridorni qonuniy talabini bajarmay kelgan.
Qo`qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan isteʼmolchi murojaatini o`rganish davomida sotuvchi bilan uchrashilib, unga amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun bo`yicha isteʼmolchi huquqlari, sotuvchining majburiyatlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgach, sotuvchi nuqsonli tovarni maqbul sifatlisiga almashtirib berishga qaror qildi. Isteʼmolchining qonuniy talablari qondirilib, uning huquqlari tiklandi.
Maʼlumot uchun: “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 14-moddasi bo`yicha, isteʼmolchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo`shimcha ravishda tekshirish zarur bo`lganida esa, isteʼmolchi talab qo`ygan paytdan eʼtiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.
Аsror Mamatqulov
Qo`qon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment