Doktor Marimutu Nadason: O`zbek xalqi hukumati atrofida jipslashib, koronavirusni yengishiga ishonaman

Doktor Marimutu Nadason: O`zbek xalqi hukumati atrofida jipslashib, koronavirusni yengishiga ishonaman

Qadrli do`stlar,

Shu kunlarda butun jahon koronavirusning misli ko`rilmagan pandemiyasiga duch kelmoqda, u deyarli barcha mamlakatlarga tarqalib bo`ldi. Ushbu mamlakatlar xalqlari virusni jilovlash va yo`q qilish yo`lida kurashmoqda. Barchamizning birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida uni tez orada yengishimiz va hayot karantindan so`ng yana o`z iziga tushib ketishiga ishonaman.
Men 2020 yil 15 – 18 yanvar kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo`lib o`tgan «Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilari forumi»da qatnashish uchun go`zal mamlakatingizga borgan va uning ajoyib xalqi bilan uchrashish baxtiga muyassar bo`lgan edim. O`sha forumda o`nlab xalqaro ekspertlar hamda turli mamlakatlarning davlat va nodavlat isteʼmolchilar tashkilotlari vakillari ishtirok etib, isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan masalalarni muhokama qilgan edi. O`sha masalalar pirovardida butun dunyoda isteʼmolchilar huquqini himoya qilishni yaxshilashga munosib hissa bo`lib qo`shilishi shubhasiz.
Qayd etish joizki, «BMTning isteʼmolchilar huquqini himoya qilishning yetakchi printsiplari”dan biri “isteʼmolchilarni ularning salomatligi va xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin bo`lgan xavflardan himoya qilishdir”. Shuning uchun Jahon isteʼmolchilar tashkiloti koronavirusni tiyib turish, tarqalishiga yo`l qo`ymaslik va bartaraf etish yo`lida qo`lidan kelgan barcha ishlarni qilmoqda.
O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mana shu ishga o`z hissasini qo`shayotgani, karantin vaqtida mamlakatda isteʼmol tovarlari narxi oshib ketishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida nazorat kampaniyasi o`tkazayotgani, o`z mablag`lari hisobidan shaxsiy himoya vositalarini sotib olib, aholiga tarqatayotgani hamda tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan hamkorlikda milliy, mintaqaviy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida virusni yuqtirmaslik uchun gigiena qoidalariga qatʼiy amal qilishga daʼvat etuvchi ko`plab materiallar tayyorlab, efirga uzatayotgani va eʼlon qilayotganini eshitib, xursand bo`ldim.
Men O`zbekistonga safarim chog`ida mehmondo`st va mehnatsevar o`zbek xalqi tozalik va tartibni qanchalik yaxshi ko`rishiga shaxsan guvoh bo`lgan edim. Аyni hol koronavirus tarqalishiga ishonchli to`siq bo`lishi shubhasiz. O`zbeklar koronavirusni umumiy saʼy-harakatlar bilan daf qilish yo`lida hukumati atrofida yanada jipsroq birlashishiga va pirovardida uni yengishiga ishonchim komil.
Ushbu sinovli kunlarda o`zingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qiling.

Doktor Marimutu Nadason,
Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (Consumers International) prezidenti

Post Comment