Ko‘rsatilmagan xizmat qiymati chegirildi

Ko‘rsatilmagan xizmat qiymati chegirildi

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirlarida Rishton tuman Minor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Z.Mirzatoshevdan tuman telekommunikasiyalar bog‘lanmasining internet xizmatlari sifatidan norozi bo‘lib qilingan murojaat kelib tushgandi.

Murojaatda bayon qilinishicha, iste’molchi telekommunikasiyalar bog‘lanmasining aloqa xizmatlari, xususan internet xizmatidan foydalanib keladi. Har oyning birinchi kunida internet xizmatidan foydalanish uchun 88000 (sakson sakkiz ming) so‘m miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirib boradi. Ammo dekabr’ oyining 10-13 sanalarida internet ishlamay qoladi. Murojaatidan asosiy maqsadi uning shaxsiy hisob raqamidan internet ishlamagan kunlar uchun tegishli miqdordagi mablag‘larni chegirma qilinishi yoki qayta hisob-kitob ishlari o‘tkazilishidan iborat bo‘lgan.

Ushbu holatda agar iste’molchi murojaatida keltirilgan vajlar va bu holatni yuzaga kelishiga telekommunikasiyalar bog‘lanmasi daxldorligi isbotini topsa, amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra, ijrochi ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligidan kelib chiqqan holda qayta hisob-kitob ishlari o‘tkazish lozim bo‘ladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda hamda iste’molchi murojaatiga oydinlik kiritish maqsadida tuman telekommunikasiyalar bog‘lanmasi xodimlari bilan birgalikda o‘rganuv ishlari o‘tkazildi. O‘rganish ishlari jarayonida iste’molchi xonadonidagi internet tarmog‘i bog‘lanma ishchi xodimlari tomonidan sozlab berildi. Shuning bilan birgalikda internet ishlamagan kunlar uchun iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob ishlari ham o‘tkazildi.

Xusniddin Latipov
Rishton tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment