Oradagi farq to‘landi, nuqsonli tovar maqbul sifatdagisiga almashtirildi
Rishton tumanida yashovchi fuqaro M.Norinboev tuman markazida joylashgan “Nofelet” savdo do‘konidan 230000 (ikki yuz o‘ttiz ming) so‘m naqd pulga “Maksfon” qo‘l telefoni xarid qilib olgan. Oradan bir necha kun o‘tib telefonning batareykasi nosozligi ma’lum bo‘ladi.
Shundan so‘ng fuqaro ushbu holat bo‘yicha savdo do‘koni sotuvchisiga nuqsoni mavjud bo‘lgan apparatni almashtirish bo‘yicha murojaat qiladi. Lekin sotuvchi ushbu telefon aaparati uchun bir haftalik kafolat muddati belgilanganligini, bu muddat esa o‘tib bo‘lganligini ro‘kach qilib, nuqsonli tovarni almashtirishdan bosh tortadi.
M.Norinboevning onasi voqeadan xabar topib, o‘zi a’zosi hisoblanuvchi Iste’molchilar huquqlarni himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilishni maslahat beradi. Iste’molchi Federatsiyaning tuman bo‘limiga mazkur masalada yozma ravishda murojaat qiladi.
Bu yerda shuni alohida ko‘rsatib o‘tish lozimki, amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra ishlab chiqaruvchi uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarga kafolat muddati belgilashi lozim, qonunning 13-moddasiga ko‘ra esa, o‘ziga nuqsonli tovar sotilgan iste’molchi tovarning kafolat muddati davomida, agar bunday muddat belgilanmagan bo‘lsa 6 oy davomida tovar nuqsonlari bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirib, qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqara oladi. Qonunning 2-moddasiga asoslanilsa, Qonun hujjatlari ushbu Qonunda belgilangan iste’molchilarning huquqlarini cheklab qo‘yishi, ularni himoya qilishning kafolatlarini kamaytirishi mumkin emas. Yuqoridagi holatda esa sotuvchi tomonidan ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan kafolat muddatini kamaytirish yoki kafolat muddati belgilanmagan bo‘lsa iste’molchining o‘z e’tirozlarini qonuniy bildira olish imkonini beruvchi muddatlar (6 oy)ni kamaytirish holati sodir etilmoqda.
Murojaatni tuman jamiyati mutaxassislari ishtirokida o‘rganish jarayonida do‘kon mas’ullariga qonunning yuqoridagi talablari tushuntirildi. Natijada iste’molchining hohishiga ko‘ra, nuqsonli tovar boshqa markadagi tovarga, ya’ni boshqa markadagi telefon apparatiga almashtirilishiga hamda qonunning 17-moddasi talablaridan kelib chiqib, oradagi farqni iste’molchi tomonidan to‘lanib, maqbul sifatdagi tovarga almashtirib olinishiga erishildi.
Xusniddin Latipov
Rishton tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment