Qarzdorlik asossiz bo‘lib chiqdi

Qarzdorlik asossiz bo‘lib chiqdi

Yozyovon tumanida yashovchi S.Mamajonov gaz idorasi mas’ullari 450000 so‘m qarzi borligini, qarzdorlikni bartaraf etishi lozimligi aytishgach, holatga aniqlik kiritishi uchun anchagina ovora bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan.

U foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni to‘lab kelayotgani bois, o‘zining hisob-kitoblari bo‘yicha, bu borada haqdorligi bo‘lishi ham kerak edi. Lekin holatga aniqlik kiritish uchun tuman gaz idorasiga kelib, idora xodimidan qarzdorligingiz bor, to‘lashingiz kerak degan javobni olgach, holatga aniqlik kiritib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat bergan.

Jamiyat xodimlari tomonidan murojaatni o‘rganish jarayonida olib borilgan qayta hisob-kitob ishlari hamda jamiyat so‘rovi asosida tuman gaz idorasining iste’molchi shaxsiy hisob raqami holati bo‘yicha bergan ma’lumotga ko‘ra esa iste’molchida qarzdorlik mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Asoslanmagan qarzdorlikni kelib chiqishiga esa 2021 yilning sentyabr’ oyida iste’molchi xonadoniga yangi ASKUG hisoblagichini o‘rnatish vaqtida eski hisoblagichdagi ko‘rsatkich, ya’ni 462460 so‘mlik haqdorlik summasi yangi hisoblagichga olib o‘tilmaganligidan kelib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari jarayonida tuman gaz idorasi mas’ullari tomonidan barcha hisob-kitob ishlari o‘rniga keltirilib, fuqaroga tabiiy gaz to‘lovlari bo‘yicha qarzdorligi yo‘qligi ma’lum qilindi.

Shavkatjon Saidov
Yozyovon tuman jamiyati mutaxassisi

Post Comment