Printerdagi nuqson sotuvchining hisobidan bartaraf etildi

Printerdagi nuqson sotuvchining hisobidan bartaraf etildi

Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari Qo‘shchinor mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi E.Abduraximovning kredit savdo do‘konidan olingan tovarda nuqson chiqqanligi va sotuvchining mazkur nuqsonni bartaraf etish choralarini ko‘rmayotganligi holati yuzasidan qilgan murojaatini o‘rganib chiqdilar.

Iste’molchi 2022 yilning yanvar oyida tumandagi kredit savdo do‘konidan HP TANK 315 rusumli printerni 2 473 044 so‘mga, tovar narxini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib oladi. Lekin fevral oyiga kelib printerda nuqson kuzatiladi. Iste’molchi bu haqdagi o‘z e’tirozlari bilan do‘kon mas’ullariga murojaat qiladi. Biroq uning sa’y-harakatlari besamar ketadi. Shundan so‘ng u joriy yilning 17 mart kunida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlvari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qiladi.

Murojaatni o‘rganish davomida, iste’molchi bilan uchrashilib, holatga aniqlik kiritib olingandan so‘ng, do‘kon mas’ullariga «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 4, 11, 13 va 15-moddalari mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berilib, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha talablar qo‘yildi.

Xususan, qonunning 15-moddasiga asosan, iste’molchi kafolat muddati ichida topilgan nuqsonlar yuzasidan sotuvchiga o‘z qonuniy talablarini qo‘ygandan so‘ng, sotuvchi 20 kun muddat ichida mazkur talablarni qanoatlantirish, ya’ni tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rishi lozim edi. Mazkur muddatlarga amal qilmaslik esa sotuvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lash majburiyatini ham keltirib chiqarishi mumkin.

Murojaatni o‘rganish dorasida olib borilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasi o‘laroq, printerda nuqsonli ishlash sababini keltirib chiqargan ehtiyot qismini almashtirib berilishiga va buning uchun sarflangan 600 000 so‘m harajat sotuvchi hisobidan qoplanishiga erishildi.

Dilorom Mirzayeva
Bag‘dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment