Brifing o‘tkazildi

Brifing o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan brifing o‘tkazildi. Brifingda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi Axborot xizmati rahbari G‘ayrat Mamatqulov ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 221-I-son qonuni 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan, 1996 yil 17 maydan kuchga kirgan. 30 ta moddadan iborat.

O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 18 yanvaridagi 746-son qonuni bilan qonunga 12 ta band bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shu bandlardan 7 tasi (3,4,5,7,8,9,10,12-bandlari) qonun rasman e’lon qilingandan so‘ng kuchga kirgan, 4 tasi esa (1,2,6,11-bandlari) qonun rasman e’lon qilingan kundan boshlab 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

1) Birlamchi 2022 yilning 18 yanvarida qabul qilingan va rasman e’lon qilingandan keyin kuchga kirgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga to‘xtalsak:

Qonunning 10-moddasi, ya’ni Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi to‘g‘risidagi modda birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonuni bilan integratsiyalashtirildi. Shuningdek, 10-modda tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda haq to‘lash to‘g‘risidagi normalarni o‘z ichiga olgan uchinchi qism bilan to‘ldirildi.

17-moddasi, ya’ni Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilgan taqdirda u bilan hisob-kitob qilish to‘g‘risidagi moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonunidagi normalarga yanada moslashtirildi.

Qonunning 18-moddasi maqbul sifatdagi tovarlarni almashtirib olish, sotuvchiga qaytarish kabi normalarga yanada aniqlik kiritilgan ikkinchi va uchinchi qismlar bilan to‘ldirildi.
Qonunning 21-moddasi, ya’ni Shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi modda uchinchi qism bilan to‘ldirildi.

23-modda uchinchi qism bilan to‘ldirilib, shartnomaviy munosabatlarda iste’molchi huquqining ustivorligi norma sifatida kiritildi, “Mijoz hamisha haq” tamoyili qonun yo‘li bilan belgilab qo‘yilmoqda..

Qonunning 25-moddasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va uning hududiy organlari huquq va vakolatlari aniq qilib belgilab berildi.

Qonunning 30-moddasi, ya’ni Iste’molchilarning jamoat birlashmalari) degan moddasi uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirildi.

2) 2022 yil 18 yanvarda qabul qilingan va rasman e’lon qilingandan keyin 3 oy o‘tgach kuchga kiradigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga to‘xtalib o‘tsak.

Qonunning 5-moddasi, ya’ni Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumot beshinchi qism bilan to‘ldirildi. Bu bilan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etilishi, mazkur ma’lumot qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qonunning 6-moddasida Tovar (ish, xizmat) haqidagi ma’lumotda ham ma’lumot tovarlarning etiketkalarida, tamg‘alarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda iste’molchilarga yetkazilishi mumkinligi, tovarning (ishning, xizmatning) nomi ko‘rsatilishi shart ekanligi belgilab qo‘yildi va bahosi degan so‘zlar narxi deb almashtirilmoqda. Shuningdek, ma’ulmotda tovar kelib chiqqan mamlakatning nomi bo‘lishi shartligi ham blegilab qo‘yildi. Shuning bilan birgalikda, tovar (ish, xizmat) to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etilishi ham ko‘rsatib o‘tildi.

Qonunning 20-moddasi, ya’ni Tovar (ish, xizmat)ning nuqsonlari tufayli yetkazilgan zarar uchun mulkiy javobgarlik 4 ta qismdan iborat edi, beshinchi qism bilan to‘ldirildi.

Qonunga “Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) axborot tizimlaridan foydalangan holda realizasiya qilishda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish”, degan 28 prim 1-modda qo‘shildi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Post Comment